Fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish qishloq xoʻjaligiga nima beradi?

Joriy yil 9 yanvarda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xoʻjaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori fermer xoʻjaliklari faoliyatida yangi imkoniyatlar ochadi.
Unga koʻra, qishloq xoʻjaligi korxonalariga faoliyat yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlari maqbullashtiriladi.
Qaror bilan nima oʻzgaradi? Bunda biz bir qator oʻzgarishlarni koʻrishimiz mumkin. Joriy yildan eksperiment tariqasida fermer xoʻjaliklari uchun yer uchastkalari ochiq tanlov yakuniga koʻra, yer uchastkalarini berish masalalarini koʻrib chiquvchi tuman komissiyasi hamda tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining xulosasiga binoan xalq deputatlari tuman Kengashining qarori asosida qabul qilingan tuman hokimining qarori boʻyicha beriladi.
Bir gektar yer maydoni uchun paxta-gʻallachilik loyihasiga 2 ming dollar ekvivalenti miqdorida, sabzavot-gʻallachilik, bogʻdorchilik-uzumchilik, sabzavot-polizchilik loyihalariga 5 ming dollar ekvivalenti miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritadigan talabgorlar va klaster korxonalariga yangi tartibda beriladi. Bunda tuman sektor rahbarining tavsiyasiga koʻra tanlov oʻtkazmasdan tuman hokimining qaroriga asosan yer uchastkalari ajratiladi.
Shuningdek, fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalarining yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirishda, ularning oxirgi uch yillik faoliyati toʻliq tahlil qilinadi.
Muhim yangiliklardan biri – qishloq xoʻjaligi korxonalari yer uchastkalarining hajmlari ularning faoliyat yoʻnalishlariga koʻra, belgilanadi. Misol uchun, paxtachilik va gʻallachilik yoʻnalishidagi qishloq xoʻjaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam oʻlchami – 100 gektar, gʻalla va sabzavotchilik uchun kamida 20 gektar, bogʻ-uzumchilik uchun kamida 10 gektar, sabzavot-poliz uchun eng kam oʻlcham 5 gektar qilib belgilangani bilan ahamiyatlidir. Chorvachilik yoʻnalishidagi qishloq xoʻjaligi korxonalari yer uchastkalarining hajmlari qonunchilikda belgilangan tartibda mavjud shartli mol bosh sonidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Agarda, qishloq xoʻjaligi korxonalari yer uchastkalarining oʻlchami yuqorida keltirilgan miqdorlardan kam boʻlsa, ular maqbullashtiriladi. Bunda tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarilgan yer uchastkalari, birinchi navbatda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritadigan, moliyaviy holati yaxshi va qishloq xoʻjaligi texnikalariga ega koʻp boʻlgan tarmoqli fermer xoʻjaliklari, paxta-toʻqimachilik klasterlari, eksport qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalarga ustuvorlik beriladi.
Qayd etish joizki, tanlovda asosiy eʼtibor talabgorning hisob varagʻidagi majburiyatlardan tashqari, aylanma mablagʻi, yaroqli qishloq xoʻjaligi texnikalari mavjudligiga qaratiladi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksportga yoʻnaltirilgani, yaratiladigan yangi ish oʻrinlari soni va soʻnggi uch yil davomida mahsulot yetkazib berish boʻyicha shartnomalarning bajarilishiga eʼtibor qaratiladi.
Hududlarga biriktirilgan Respublika ishchi guruhlari, tumanlarning toʻrtta sektor rahbarlari, yer uchastkalarini berish masalalarini koʻrib chiquvchi tuman komissiyasi hamda fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari bilan birgalikda yer uchastkalarini maqbullashtirish jarayonida fermer xoʻjaliklarining faoliyatiga xolisona baho berilishiga, shaffoflik, oshkoralik, ochiqlik va adolat tamoyillariga qatʼiy rioya qilinishi aniq koʻrsatilgan.
Eng muhimi, almashlab ekish tizimini joriy qilish maqsadida paxta-gʻallachilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklari ekin yer maydonining 10 foiz qismiga boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari – sabzavot, poliz mahsulotlari ekishga ruxsat berilgan.
Yer uchastkalari oʻlchami belgilangan miqdorlardan kam boʻlmagan qishloq xoʻjaligi korxonalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ixtiyoriy ravishda qoʻshib yuborish, qoʻshib olish tartibida qayta tashkil etilishi mumkin.
Maqbullashtirishga qisqa fursat berilgan boʻlib, barcha ishlar jami bir oy davomida yakunlanishi koʻzda tutilgan.
Jahongir Rahmonov,
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi

 

OʻzA