Faol investitsiya siyosati barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishishning eng muhim shartlaridan biridir. Shu bois davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019 yil mamlakatimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”, deb eʼlon qilindi.

2019 yilgi Investitsiya dasturiga 16,6 milliard dollarlik 3 mingdan ziyod loyiha kiritilgan. Bu 2018 yilga nisbatan 16 foiz koʻpdir. Jumladan, joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 3,2 milliard dollar boʻlgan 140 ta ishlab chiqarish quvvatini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019 yil 8 yanvar kuni joriy yilgi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida ushbu yirik va muhim loyihalarni oʻz muddatida va sifatli amalga oshirish masalalari muhokama qilindi, zarur vazifalar belgilab berildi.

Keyingi yillarda mazkur yoʻnalishda Andijon viloyatida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2016-2018yillarda investitsiya loyihalari amalga oshirilishi hisobidan koʻplab yangi ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirildi, mavjudlari kengaytirilib, texnik-texnologik jihatdan qayta jihozlandi.

Prezidentimizning 2018 yil 19 iyuldagi “2018-2019yillarda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari va infratuzilmani amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida 2018-2019yillarda umumiy qiymati 6,4 trillion soʻmlik investitsiyalarni jalb etish hisobiga 553 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan.

2018 yilda umumiy qiymati 1,8 trillion soʻmga teng boʻlgan 411 ta loyiha amalga oshirilgan. Buning natijasida 12 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratilgan. Qariyb 20 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar eksport qilingan. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish hisobiga 20,7 million dollari miqdorida import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega quvvatlar foydalanishga topshirilgan. Jumladan, 2 milliard 800 million soʻm miqdorida investitsiya oʻzlashtirilib, Andijon tumani Xortum qishlogʻida Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan yiliga 10 million flakon insulin dori vositasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod ishga tushirilgan.

Ayni paytga qadar yurtimizga jarrohlik qoʻlqoplari asosan chetdan keltirilgan. Oltinkoʻl tumani Jalabek qishlogʻida umumiy loyiha qiymati 17 milliard soʻm boʻlgan yiliga 33 million juft tibbiy qoʻlqop ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ishga tushirilishi bilan mamlakatimizda ushbu vositaga boʻlgan ehtiyoj toʻla qondiriladi.

Viloyatda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish boʻyicha investitsiya dasturi asosida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2018-2019yillarda umumiy qiymati 803 million dollar miqdorida investitsiyalar kiritish boʻyicha 44 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish belgilangan. Hozirga qadar bu borada 631 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha ishlar amalga oshirildi.

Andijon tumanida “Andijon Silk Ko” MCHJ tomonidan xitoylik investorlarning 2 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyasi oʻzlashtirilib, pillani qayta ishlash korxonasi tashkil etildi. Ayni paytda Buloqboshi tumanida “KORBONAT XAUS” MCHJ tomonidan 4 million dollarlik xorijiy investitsiya oʻzlashtirilishi hisobidan zamonaviy texnologiya asosida eksportbop ohak ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Izboskan tumanida “Digital praym tekstil” kompleksini tashkil etish uchun 14,6 million, Buloqboshi tumanidagi “UNG WOOLIM VALVE“ MCHJ tomonidan maishiy gaz va avtomobillar uchun metan gaz balloni vositalarini ishlab chiqarish uchun 817 ming dollar miqdorida xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Xitoylik investorlar bilan tashkil etilgan “Bobur M And F“ MCHJ shaklidagi xorijiy korxona tomonidan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati 10 million, shuningdek, Belarus davlatining “Blyuming“ MCHJ tomonidan umumiy qiymati 3 million dollarga teng minitraktorlar ishlab chiqarish boʻyicha loyihalari amalga oshirilmoqda.

Umuman, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ayniqsa, xorijiy investorlarni jalb etishga qaratilgan zarur ishlar viloyat, pirovardida mamlakatimiz iqtisodiyoti, xalqimiz turmushi farovonligi yuksalishiga xizmat qiladi.

 

Faxriddin Ubaydullayev, OʻzA