Yangi 2019 yilda ham sportchilarimiz koʻplab yirik musobaqalarda ishtirok etadi. Oʻzbekning hech kimdan kam boʻlmagan va kam boʻlmaydigan muzaffar sportchilari joriy yilgi sport mavsumida 2020 yil Tokio shahri (Yaponiya)da boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi bir qator chempionat va turnirlarda, 2 ta kompleks musobaqada, 128 ta jahon chempionatida, 96 ta Osiyo birinchiligida hamda 700 dan ortiq xalqaro musobaqada ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligidan xabar berishlaricha, mamlakatimiz ushbu yilda tennis, badiiy gimnastika, velosport, dzyudo, kurash, taekvondo (WTF), karate (WKF), uloq koʻpkari, baydarka va kanoeda eshkak eshish, ot sporti, qilichbozlik va sambo boʻyicha oʻtadigan jahon va qitʼa chempionatlari, xalqaro turnirlar boʻyicha jami 34 ta nufuzli musobaqaga mezbonlik qiladi.
Sportchilarimizning mazkur musobaqalarda munosib ishtirok etishiga zamin tayyorlashda Prezidentimizning 2017 yil 9 martdagi Oʻzbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahri (Yaponiya)da boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash toʻgʻrisidagi qarori muhim dasturilamal boʻlmoqda.
Oʻzbek sportchilari bu yilgi sport musobaqalarida ham ulkan zafarlarni qoʻlga kiritib, mamlakatimiz dovrugʻini yanada yuksaltirishiga ishonamiz.