Taniqli adib, noshir, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Erkin Malik OʻzA muxbiriga bugungi kun jurnalistikasi mezonlari va zamon jurnalisti qanday boʻlishi kerak ekanligi toʻgʻrisidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
– Sizningcha, jurnalist kim, uning jamiyatdagi oʻrni va faoliyati haqida nima deya olasiz?
– Jurnalist doim jamiyatning oldi qatlamida boʻlishi kerak, jurnalistika esa har doim xoh sheʼr, xoh nasriy asar boʻladimi, boshqa adabiy janrlarni ham oldinga yetaklovchi, ularni oldinga odimlatuvchi paravoz vazifasini bajargan.
Qaysi bir ijodkorning tarixiga eʼtibor qaratmaylik ularning aksariyati ijodini jurnalistikadan boshlagan, gazeta va jurnallarda faoliyat yuritgan. Masalan, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyev, 40 dan oshiq mamlakatlarda kitobi chop etilgan adib, bolalar va kattalarning sevimli yozuvchisi ham dastlab mohir felyetonchi boʻlgan. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov ham dastlab ishini “Temiryoʻlchilar” gazetasidan boshlagan. Keyinchalik “Toshkent oqshomi” gazetasida oʻz faoliyatini davom ettirgan. Bu qatorni davom ettirsak juda koʻp. Chunki koʻplab ijodkorlarni aynan jurnalistika katta hayotga qadam qoʻydirgan.
Jurnalistikani toʻrtinchi hokimiyat deymiz. Bu degani u hokimiyat darajasidagi sohadir. Jurnalistikasiz hech qaysi davlat rivojlanmagan. Har bir mamlakatning davlatchilik tarixini keng targʻib qilishi va uni jahonga boʻy koʻrsatishida jurnalist jonbozlik qiladi. Boshqa hamma kasb egalarini chetdan olib kelib xalq manfaati uchun ishlatish mumkin. Ammo jurnalistni olib kelib ishlatib boʻlmaydi. Shuning uchun ham biz dono, savodli, millatni, xalqni sevadigan jurnalistlarimizni qadrlashimiz kerak.
– Bugun zamon oʻzgardi deyishadi. Unga hamohang ijodning shakli, hajmi va yaratilish usullari oʻzgardi. Davrimiz jurnalistlarining ijodini kuzata turib koʻnglingizdan nimalar oʻtadi?
– Bugungi yoshlarning ijodiy faoliyatini kuzatib boraman. Ularga aql oʻrgatishni emas, toʻgʻri yoʻl koʻrsatishni oʻzimizga burch deb bilaman. Biz bosib oʻtgan dovonlar bilan, bugungi kun jurnalistlari bosib kelayotgan yoʻllar orasida juda katta farq bor. Ilgari biror narsaning mohiyatini oʻrganmoqchi boʻlsak, albatta, uni koʻrib, u haqida toʻliqroq va batafsil maʼlumotlarga ega boʻlib, keyin yozar edik. Masalan, birgina intensiv bogʻ haqida tushunchaga ega boʻlish uchun, albatta, botanika bogʻiga borishimiz shart edi. Aks holda u haqida hech qayerda maʼlumot topolmasdik. Paxta yoki boshqa oʻsimliklar haqida yozmoqchi boʻlsak ham dalalarga chiqishimizga toʻgʻri kelardi. Hozir esa aksincha. Internetda yoʻq narsaning oʻzi yoʻq. Birgina intensiv bogʻ haqida maʼlumotga ega boʻlish uchun olim bilan uchrashishdan oldin internetning oʻzidan javob olish mumkin. Hech qayerga bormasdan turib, koʻchatning qayerdan olib kelinishi, ekilish usullari, parvarish shakllari, umuman, hammasi haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻlish imkoniyatiga ega. Endi jurnalist nima qilishi kerak? Bu maʼlumot oddiy fuqaroda ham bor. Bizda esa aksincha edi. Maʼlumotni olib oddiy aholiga, oʻquvchiga yetkazardik. Bugungi jurnalistdan esa maʼlumotni shu holicha oʻquvchiga yetkazish emas, joylarda bu bilan bogʻliq ishlar qay darajada amalga oshirilyapti, natija qanday boʻlayotgani haqida axborot berish kerak. Bugungi jurnalistlarimizda mulohaza va tahlil kamdek, nazarimda.
Hozir qalamkashlar uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan davr keldi. Ulardan faqat maza qilib yozishlari, fikrini erkin bayon etish talab etiladi. Hozirgi jurnalistlarimizni kuzatishim mobaynida shunga amin boʻlaman jurnalistlarimiz axborot olamida koʻmilib ketayotgandek tuyuladi. Ularda qandaydir hadik, qoʻrquv borligini sezaman. Bu bejizga emas chunki bugun axborot koʻp, uni ommaga taqdim etuvchilar ham. Oddiy uy bekasi ham uyidan turib taomlar haqida maqola yozib oʻzining profiliga qoʻymoqda. Oddiy bloger ham oʻzini jurnalist sanab axborot tarqatmoqda. Shuning uchun bunday raqobat kuchli davrda jurnalist oʻzi qiziqadigan, kelajagini aynan shu yoʻnalishda koʻradigan va aynan oʻsha mavzuni “yorib chiqa” oladigan maqolalarni xalqqa taqdim eta oladigan yoʻnalishni tanlashi lozim.
– Bugun yozilmagan narsaning oʻzi qolmagandek tuyuladi. Ammo hali qilinishi kerak boʻlgan, yozilishi muqarrar boʻlgan mavzular koʻp. Bunda jurnalist qanday ijod qilishi zarur?
– Men ijtimoiy tarmoqlar, saytlarda chiqadigan maqolalarni kuzatib boraman. Ammo bir mavzu boʻylab ijod qilayotgan jurnalistni kam uchrataman. Bugun koʻchatlarni Yevropa mamlakatlaridan olib kelyapmiz. Ammo bizning yurtda yetishtiriladigan mevalar boshqa davlatlarda talab kuchli. Bu juda katta gap. Buni bir jurnalist maqolasining ichida shunchaki aytib ketishi emas, aynan sarlavha darajasiga chiqarib targʻib qilish kerak. Bugun jurnalistikada qishloq xoʻjaligimizga nisbatan ana shunday targʻibotlar kam. Oʻtgan yili Xitoyga qirq ming tonnagacha gilos eksport qilingan. Keyingi paytlarda mosh eksporti ham yaxshi yoʻlga qoʻyilyapti. Dastlab bir yilda 30 ming tonna, sal oʻtib 70 ming tonna hozir bu koʻrsatkich 100 ming tonnaga yetgan. Keksa jurnalist sifatida men shularni oʻrgandim. Gazetaga yozish uchun emas oʻzim uchun. Ayrim mamlakatlar bizdan moshni olisharkan, uni ikkiga boʻlib soʻng Yevropaga eksport qilisharkan. Yevropaliklar dumaloq moshni isteʼmol qilmas ekan. Uddaburon Jizzaxlik tadbirkorlardan biri Germaniyadan texnika olib kelib zavod quribdi. Moshni ikkiga boʻlib toʻgʻridan-toʻgʻri Yevropa mamlakatlariga eksport qilish yoʻllarini topibdi. Yoki boʻlmasa qalampir mavzusiga toʻxtalaylik. Bugun Turkiya bilan Norvegiya bizning qalampirni oladigan boʻlibdi. Bizning yurtda yetishtirilgan qalampirlar achchiq ekan. Chunki bizda yomgʻir yetarli darajada yogʻadi, tinimsiz quyosh nurlaridan bahramand boʻladi. Natijada, bir tup koʻchatdan 2-2,5 kilogrammgacha hosil olishgan. Oz muddat hosilning egasi, xaridori boʻlmadi biroq hozir Turkiya mahalliy dehqonlar yetishtirgan qalampirlarning maʼlum qismini 50 million dollarga yaqin miqdorda sotib olishga kelishibdi. Yana bir yaxshi xabar eshitdim. Oʻzimizda ishlab chiqariladigan ketchuplarga tegirmondan tortilgan kukunidan solishib tayyorlanar ekan. 10 kilogramm ketchup tayyorlanishi uchun 1 kilogramm kukun ketar ekan, endi unga 100 gramm tabiiy qalampirning oʻzi kifoya boʻlarkan. Bu ham toza va sifat uchun xizmat qiladi. Endi tegirmonda tortilgan kukun aytarli darajada sof qalampirdan tashkil topmagan boʻlishi mumkin. Ammo bu zavodlarda qalampirning hoʻl pastasini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan ekan. Biroq bu zavodlar aholi turar joyidan sal uzoqroqda joylashgan boʻlishi kerak. Chunki qalampir oʻzidan achchiq hid chiqaradi. Bu inson salomatligiga, tabiatga ziyon keltirishi mumkin.
Mana shularni hammasini jurnalist oʻrganib qayd etib borishi kerak. Oʻzbekiston faqat paxta bilan dunyoga chiqyapti, degan qarashlarni emas meva bilan dunyoga chiqyapti, degan xulosalarni ham, insonlarni dunyoqarashini ham shakllantirish kerak.
Biz Muhammad al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek kabi mutafakkirlarni dunyoga keltirgan yurtda yashayapmiz. Bu yurtning jurnalistlari ham shu ajdodlar yurtini munosib targʻib qilishi kerak.
Bugun orol muammosi dunyo muammosiga aylanayotgan bir davrda mana shu jarayonlar bilan shugʻullanadigan jurnalistlarni koʻrmayapman. Rossiyalik bir qadimshunos Orol atrofida yelkanli qayiq orqali sayohat oʻtkazish loyihasini amalga oshirmoqchi ekan. Bu kema shunday ahamiyatga egaki, u qumda ham shamol yordamida harakatlanib yurar ekan. Mana bu jarayonlarni ham jurnalist targʻib qilishi mohiyatiga kirib borishi kerak. Shu yerda falon tadbir boʻldi, shuncha kishi ishtirok etdi emas mavzuga chuqurroq kirish, yangicha yondashish zarur.
Vaqtli matbuotlarda, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Prezidentimiz takliflarida keltirilayotgan har bir fikrni jurnalist ushlab olishi kerak. U gaplar bekorga aytilmayapti.
Jurnalist qoʻytikan oʻsimligiga oʻxshab ilib oluvchi boʻlishi kerak. U oʻsimlik oʻziga tekkan narsadan, albatta, nimadir yulib oladi. Jurnalist ham ana shunday olgʻir boʻlmogʻi kerak.
Bugun men nega bunchalik kuyinib gapiryapman. Agar jurnalistlarimiz suvning muqaddasligini targʻib qilganida, tabiat muhofazasi uchun jon kuydirganda, aholi bunchalik suvga yaqin bormas edi, odamlarimiz suvni, ekologiyani asragan boʻlar edi. Mana jurnalistning asosiy pozitsiyasi shu kabi amaliy ishlarga ham ahamiyat qaratadi.
Dilobar Mamatova, OʻzA