Murojaatnoma: mamlakat rivojidagi istiqbolli vazifalar

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi aʼzolariga 2018 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va Oʻzbekiston Respublikasini 2019 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Murojaatnomasini xalqimiz katta qiziqish va hayajon bilan kutib oldi.

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi muxbirlari yurtdoshlarimizning bu boradagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

Shuhrat Cho'liyev.jpg

Shuhrat Choʻlliyev, 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 

Qonunchilik va sud-huquq  masalalari qoʻmitasi aʼzosi:

– Yurtimizda qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq sohasini takomillashtirish yoʻlida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Bu inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan odil sudlov tizimini yaratish, huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyatini takomillashtirish borasidagi ishlarda namoyon boʻlmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu kabi masalalarga alohida toʻxtalib, erishilgan natijalar va kelgusidagi vazifalar haqida soʻz yuritdi.

Jumladan, sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash maqsadida sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish, yagona sud amaliyotini yoʻlga qoʻyish, ayrim toifadagi ogʻir jinoyatlarning Oliy sud sudyalari tomonidan koʻriladigan yagona sud amaliyotini shakllantirish lozimligini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari huquqbuzarlikka qarshi kurash boʻyicha har qaysi hudud oʻz tajribasini yaratishi kerakligini qayd etdi. Tizimda eski va samarasiz boshqaruv usulidan voz kechish, “Mahalla posboni” lavozimini tugatish, uning oʻrniga profilaktika inspektorining huquqiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari lavozimini joriy etish taklifini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari jinoyat qonunchiligini yanada takomillashtirish va liberallashtirish boʻyicha ishlarni davom ettirish zarurligini qayd etdi. Toʻgʻri-da, axir oʻzingiz oʻylang, Jinoyat va Jinoyat protsessual kodekslari qariyb 25 yil oldin qabul qilingan. Ularni bugungi zamon talablariga moslashtirish kerak.

Aziz Abduhakimov2.jpg

Aziz Abduhakimov, 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari:

– Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi 2019 yilda hayotning barcha jabhalarini isloh qilishga qaratilgan faoliyatimiz yoʻnalishlarini belgilab bergani bilan ahamiyatli boʻldi. Unda sohalar kesimida bajarilishi kerak boʻlgan ustuvor vazifalarning aniq koʻrsatkichlari aks etgan.

Bugun mamlakatimizda faol investitsiya siyosati yuritilmoqda. Ammo bu ijtimoiy sohaning ikkinchi darajaga tushishini anglatmaydi. Murojaatnomada mamlakatimizda iqtisodiy yuksalishni taʼminlash orqali ijtimoiy sohani taraqqiy ettirish ustuvor vazifa boʻlib qolishi alohida qayd etildi.

Davlatimiz rahbari turizmning koʻpincha qadimiy shaharlarimiz, tarixiy-madaniy yodgorliklarimiz doirasida cheklanib qolayotganini taʼkidladi. Tibbiyot turizmi, ziyorat turizmi va ekoturizmni rivojlantirish borasida barcha imkoniyatlar ishga solinmayapti.

Shu bois, Murojaatnomada sayyohlikni rivojlantirish uchun barcha vazirlik va idoralar imkoniyatlarini safarbar etish zarurligi qayd etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga 2019-2025 yillarda Turizmni rivojlantirish milliy konsepsiyasini ishlab chiqish va ijrosini taʼminlash vazifasi topshirildi.

Sherzod Shermatov.jpg

Sherzod Shermatov, 

Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri:

– Prezidentimiz eʼtiborimizni ilm-fan sohasiga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilgan davlatlarda rivojlanishning yuqori surʼatlari kuzatilayotganiga qaratdi. Biz, soha xodimlari inson kapitaliga eʼtiborni kuchaytirishimiz, yoshlarimizning salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etishimiz zarur.

Murojaatnomada qiyosiy tahlil keltirilishi bilan birga, mamlakatimizda umumiy oʻrta taʼlim tizimini bugungi kun talablari asosida tashkil etish boʻyicha vazifalar ham koʻrsatildi. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, 2019 yilda mamlakatimizda taʼlim sifatini baholashga doir xalqaro izlanishlarni, yoshlarning ijodkorlik qobiliyatini qoʻllab-quvvatlash, xususiy maktablar tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan foydalanishga keng oʻrin beriladi.

Oʻz navbatida, yoshlarning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, taʼlim dasturlari va oʻqitish uslublarini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish ham kun tartibidagi asosiy vazifamiz boʻlib qoladi. Bir soʻz bilan aytganda, faoliyatimizni “Taʼlimga kiritilgan investitsiya – kelajakka kiritilgan sarmoyadir!” tamoyili asosida tashkil etamiz.

Ilhom Abdullayev.JPG

Ilhom Abdullayev, 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 

Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va 

axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi raisi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlat va jamiyat qurilishining turli sohalarida samarali natijalarga erishish uchun ilgʻor zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish zarurligiga ham eʼtibor qaratdi. Raqamli iqtisodiyotning milliy strategiyasini ishlab chiqish va 2020-2030 yillarga moʻljallangan “Raqamli Oʻzbekiston” rivojlanish dasturini qabul qilishni taklif etdi.

Agrepina Shin.JPG

Agripina Shin, 

Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri:

– Prezidentimiz biz, soha mutaxassislari oldiga bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini uzluksiz oshirish vazifasini qoʻydi. Bu, avvalo, zamonaviy ijtimoiy-hammabop maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etishni davom ettirish, davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan keng foydalanish hisobiga amalga oshiriladi.

Maktabgacha taʼlim muassasalaridagi taʼlim-tarbiya jarayonida jahon amaliyotida keng qoʻllaniladigan zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan ishlarni davom ettiramiz.

Shuni taʼkidlashni istardimki, maktabgacha taʼlim muassasalari uchun pedagog kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish mexanizmlarini tubdan takomillashtirishda oldimizga qoʻygan dolzarb vazifalarni 2019 yilda ham izchillik bilan davom ettiramiz.

Azizbek Ikromov.jpg

Azizbek Ikromov, 

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri oʻrinbosari.

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Murojaatnomada mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida olib borilgan ishlarga alohida toʻxtaldi.

Bu oʻrinda tashqi siyosatimizning moslashuvchanlik va ochiqlik prinsiplariga, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona va amaliy munosabatlarni rivojlantirishdek ustuvor tamoyillarga tayangan holda, mamlakatimiz Mudofaa doktrinasining sifat jihatidan yangilanganini alohida qayd etish joiz.

Shuningdek, Prezidentimizning alohida qaroriga koʻra ilk bor harbiy-maʼmuriy sektorlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Sohaga ixtisoslashgan korxonalarni birlashtiradigan Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi tashkil etildi.

Murojaatnomada bu boradagi ishlarni yanada chuqurlashtirish, jumladan, mudofaa sanoati va harbiy taʼlimni rivojlantirish zarurligi alohida taʼkidlandi. Maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi ishlarni amaliy mazmun bilan boyitish kerakligi qayd etildi.

Shuni alohida eʼtirof etaman – Murojaatnomada belgilangan vazifalarning sifatli amalga oshirilishi Qurolli Quchlar tizimini modernizatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali qoʻshinlarni boshqarish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Svetlana Ortiqova.jpg

Svetlana Ortiqova, 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 

Senati Raisining oʻrinbosari:

– Murojaatnomaning bir-ikki jihatiga toʻxtalib oʻtmoqchiman. Birinchidan, kadrlar siyosati hali shakllangani yoʻq. Kadrlar salohiyati talab darajasida emas. Yetuk mutaxassislar yetishmayapti. Ushbu masala ustida sizu biz ishlashimiz kerak. Prezidentimiz ham bu boʻyicha aniq vazifalar berdi. Bu boradagi muammolarni hal etish uchun, avvalo, davlat xizmatchilari faoliyatini xolisona baholash boʻyicha samarali tizim joriy etish zarur.

Yana bir jihat – bizda vazirlik va idoralar faqat joriy masalalarni hal etish bilan band. Lekin ertaga, istiqbolda qanday vazifalar dolzarblashishini prognoz qiladigan tizim yoʻq. Bizda shunday tahlilchilar, ekspertlar bormi? Yoʻq, afsuski. Prezidentimiz ushbu masalani yechish boʻyicha aniq taklifni berdi. Yaʼni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida alohida Ekspert kengashi tashkil etish, unga xorijiy mamlakatlarning nufuzli olimlari va amaliyotchilarini jalb qilish belgilandi. Mahalliy ekspertlar ham bu kengashga qoʻshiladi, albatta.

Esemurat Kanniyazov.JPG

Yesemurat Kanyazov, 

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosari:

– Murojaatnomada ijro hokimiyati tizimini isloh qilish, uning faoliyatini optimallashtirish masalasiga eʼtibor qaratildi. Oʻtgan yili Oʻzbekistonda Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi qabul qilingan edi. Bu ham ijro hokimiyati bilan fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlarni belgilab beradigan asosiy hujjat boʻldi. Unda yaqin kelajakdagi vazifalar belgilangan.

Murojaatnomada qoʻyilgan vazifalardan yana biri bir-birining faoliyatini takrorlaydigan, ortiqcha davlat funksiyalarini bajaradigan organlar faoliyati va oʻrnini koʻrib chiqish, ortiqcha boʻgʻinlarni qisqartish masalasi boʻldi. Vazirlar Mahkamasi va uning tarkibidagi idoralar faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqish, ijro hokimiyatining barcha darajadagi rahbarlari ishiga xolisona baho berish vaqti keldi, deb taʼkidladi Prezidentimiz.

Yana bir asosiy masala davlatning iqtisodiyotdagi rolini kamaytirish hisoblanadi. Yaʼni, bu yerda koʻproq xususiy sektor rivojlanishiga imkoniyat yaratish lozim. Shuningdek, davlat tomonidan “aqlli” boshqarish tizimini joriy qilish, davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga berish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish masalalari eʼtibor markazida boʻldi. Oʻylaymanki, bu borada barcha masʼullar oʻzlariga aniq maqsad va vazifalarni belgilab oldi.

Alisher Sadullayev.jpg

Alisher Saʼdullayev, 

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi 

raisi birinchi oʻrinbosari:

– Prezidentimizning Murojaatnomasida yoshlar bilan ishlash ustuvor vazifalardan ekani taʼkidlandi. Yoshlarning bandligini taʼminlash, ularning tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi ham oʻz oldiga aniq maqsad va vazifalarni belgilab oldi. 2019 yilda “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan yosh tadbirkorlarga ajratilayotgan mablagʻlarni koʻpaytirish shu maqsadlardan biridir.

Ibrohim Abdurahmonovich2.jpg

Ibrohim Abdurahmonov, 

Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri:

– Murojaatnomadagi topshiriqlar, qoʻyilgan ustuvor vazifalarni oʻtayotgan yildagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida koʻrish mumkin. Kelasi yilga “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nom berilishida juda katta maʼno bor. Sababi investitsiyalarsiz hech qachon innovatsiya boʻlmaydi.

Prezidentimiz vazirligimizga qator topshiriqlar berdi. Eng muhimi barcha kuchimizni, bilimimizni inson kapitalini rivojlantirishga sarflashimiz kerak. Chunki inson kapitalini kuchaytirishga eʼtibor bersak, biz jahon arenasidan mustahkam oʻrin egallaymiz. Bu nima degani? Bu – quyi boʻgʻinlar, yaʼni, maktabgacha taʼlim, maktab, oliy taʼlim, kerak boʻlsa ilmiy faoliyatimizga yangicha qarashlar, yangicha yondashuvlarni kiritishimiz kerak.

Sodiq Safoyev.jpg

Sodiq Safoyev, 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati 

Raisining birinchi oʻrinbosari:

– Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasini diqqat bilan tingladik. Oʻtayotgan yil mobaynida Vatanimiz ravnaqi yoʻlida qilingan ishlar hammamizda yuksak gʻurur uygʻotadi. Shu bilan birga, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, hozir koʻkrakka urib maqtanish davri emas. Biz oldimizda turgan ishlar haqida chuqur oʻylashimiz kerak.

Hozirgi davrda oldimizda turgan masalalar yuqori malakani, chuqur bilimni, yangicha yondashuv va dunyoqarashni talab etadi. Birinchi navbatda mintaqamizda, Oʻzbekistonning tevarak-atrofida tinchlik, barqarorlik va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim boʻlgan muhitni vujudga keltirish kerak. Bu, albatta, tashqi siyosiy va iqtisodiy aloqalar bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatga bevosita daxldor. Bu borada ayrim jihatlarga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Birinchisi, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasida soʻzga chiqib, Orolboʻyi mintaqasida vujudga kelgan ogʻir ekologik vaziyatga butun xalqaro hamjamiyatning eʼtiborini jalb etdi. Bir yil oʻtmasdan BMT shafeligida koʻp tomonlama sheriklik asosida Orolboʻyi mintaqasi uchun trast fondi tashkil etildi.

Markaziy Osiyoda doʻstlik va ishonch muhiti yaratildi. Oʻzbekiston bilan mintaqaning boshqa davlatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada kengaydi. Xususan, joriy yilning 9 oyi mobaynida qoʻshni davlatlar bilan savdo aylanmasi oʻrtacha 50 foizga oʻsdi.

Kelayotgan 2019 yil “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilinayapti. Bu nihoyatda muhim. Davlatimiz rahbari aytganidek, bugungi kunda investitsiyalar iqtisodiyotning yuragidir. Shu sababli bugun dunyoda investitsiyalarni jalb etish uchun ayovsiz raqobat mavjud. Bu raqobatda biz muvaffaqiyatga erishishimiz uchun nafaqat shioru daʼvatlar, balki yangicha yondashuv, malakali mutaxassislar, yangicha dunyoqarash kerak.

Murojaatnomada eksportga yoʻnaltirilgan iqtisodiyotni rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu keskin oʻzgarish. Bizda koʻp yillar mobaynida asosan import oʻrnini bosish siyosati olib borilardi. Lekin qisqa davrda katta yutuqlarga erishgan Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur kabi davlatlarning muvaffaqiyati aynan eksportga yoʻnaltirilgan iqtisodiyotni rivojlantirgani bilan belgilanadi.

Sunnatulla Bekenov.JPG

Sunnatilla Bekenov, 

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha 

davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari:

– Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasini tingladik va tegishli vazifalarni belgilab oldik. 2019 yilning “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilinishi birinchi navbatda bizning faoliyatimizga daxldor. Buni chuqur anglagan holda masʼuliyat bilan ishlashimiz, oʻz oldimizga qoʻyilgan vazifalarni sidqidildan bajarishimiz talab etiladi. Uzoqni koʻra biladigan, xalqning farovon turmushini oʻylaydigan, barqaror iqtisodni rivojlantirishga eʼtibor qaratadigan rahbar doimiy ravishda investitsiya haqida oʻylaydi va gapiradi.

Tolibjon Madumarov2.jpg

Tolibjon Madumarov, 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 

Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini 

kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi:

– Murojaatnomada davlat boshqaruvidagi barcha islohotlarga atroflicha toʻxtalib oʻtildi.

Maʼlumki, 2018 yilda Toshkent shahrida eksperiment tariqasida davlat boshqaruvining yangi tartibi joriy etildi. Shahar va tuman hokimlariga hududdagi ijro xizmat sohalari rahbarlarini tayinlash vakolati berildi. Bu amaliyot avvallari tizimda boʻlmagan. Bu bilan samarasiz faoliyat olib borayotgan koʻplab komissiya va kengashlar tugatilib, ularning vakolatlari tegishli hududiy soha organiga berildi. Ijobiy natija berayotgan ushbu amaliyotni endi boshqa joylarda ham joriy etishimiz zarur. Kelgusida hokimning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatida faoliyat koʻrsatishiga doir tartib endi bekor qilinayapti.

Rahim Hakimov.jpg

Rahim Hakimov, 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 

Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik 

masalalari qoʻmitasi raisi:

– Prezidentimizning Murojaatnomasi mamlakatimizni yanada yuksaltirish, taraqqiyotini taʼminlashga qaratildi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz mudofaa tizimida keng qamrovli oʻzgarishlar roʻy berdi. Milliy armiyamizning jangovar tayyorgarlik darajasi oshib, xavfsizligimizga raxna soladigan har qanday tahdidlarga qarshi turadigan zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan taʼminlandi.

Kelgusida harbiy sohadagi islohotlarni yanada takomillashtirish, armiyamizning jangovar shayligini oshirish va mudofaa sanoatini yanada mustahkamlash, chegaralar daxlsizligini taʼminlash ishlari rivojlantiriladi. Prezidentimizning Murojaatnomasi bu jarayonda muhim dasturilamal vazifasini bajaradi.

Bahodir Yusupov.jpg

Bahodir Yusupov, 

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri:

– Davlatimiz rahbari qishloq xoʻjaligini boshqarish tizimini isloh qilish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga muhim ahamiyat qaratdi.

Sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Bu borada davlat faqat ikkita amaliy vosita, yaʼni, mahsulotni kafolatli xarid qilish va subsidiya orqali ishtirok etishi kerakligini aniq tushuntirib berdi. Xususan paxtachilikda klasterlar yaratilishi ikki yil oldin hatto tasavvurimizda ham yoʻq edi. Bugun shu istiqbolli tizim ilk natijalarni bera boshladi. Bundan tashqari, sabzavotchilik, bogʻdorchilik va chorvachilikda ham klasterlarni rivojlantirish masalasi oldimizda turibdi.

Shuningdek, urugʻchilikda seleksiya bilan shugʻullanadigan institutlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va davlat-xususiy sheriklik asosida urugʻchilik klasterlarini tashkil qilish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.

Adham Ikramov.JPG

Adham Ikromov, 

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi:

– Prezidentimiz bugun nafaqat oʻzbekistonliklarga, balki butun jahon hamjamiyatiga mamlakatimizni rivojlantirish borasida oldimizga qoʻyilgan maqsad va vazifalarni bayon etdi. Jumladan, iqtisodiyotimizda davlat ulushini kamaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni davom ettirishga eʼtibor qaratdi. Davlat aktivlarini boshqarish markazi faoliyatini tubdan takomillashtirish, uni mustaqil agentlik sifatida qayta tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli vazifalar topshirildi.

Sherzod Qudbiyev.JPG

Sherzod Kudbiyev, 

Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va 

mehnat munosabatlari vaziri:

– Ishsizlikni kamaytirish, odamlarning daromadini oshirish va ularga munosib turmush sharoitini yaratish borasidagi bir qator masalalar Prezidentimiz Murojaatnomasida oʻz aksini topdi.

Jumladan, faol investitsiyalarni jalb qilish minglab yangi ish oʻrinlarini tashkil qilishga yordam beradi. Ijtimoiy rivojlantirish masalalari, albatta, aholi bandligi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, daromadlar va turmush darajasi oshishiga olib keladi. Davlatimiz rahbari 2019 yil uchun bandlikka koʻmaklashish boʻyicha yangi davlat dasturini ishlab chiqish vazifasini qoʻydi. Bu borada kasbga oʻqitish, ularga huquqiy va boshqa maslahatlar berish tizimli yoʻlga qoʻyiladi.

Mahammed Jumageldiyev.JPG

Muxamet Jumagaldiyev, 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 

Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar 

masalalari qoʻmitasi raisi:

– Davlatimiz rahbari Murojaatnomada iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha 2019 yilda amalga oshirish lozim boʻlgan dolzarb masalalarni bayon etdi. Barcha vazirlik va idoralar oldiga aniq va maqsadli vazifalar qoʻydi. Albatta, iqtisodiyotni rivojlantirishda faol investitsiyalarni jalb qilish muhimdir. Shu sababli investitsion muhitni yaxshilash, mahalliy va xorijlik investorlarga qulay sharoit yaratish zarur.

Prezidentimiz 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasini ishlab chiqib, xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilish boʻyicha topshiriq berdi. Bu vazifa tarmoq va hududlarni rivojlantirish konsepsiyalariga ham tegishlidir. Ana shu konsepsiyalar asosida uzoq muddatli taraqqiyot dasturlari ishlab chiqiladigan boʻldi.

Akmal Saidov.JPG

Akmal Saidov, 

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi 

Milliy markazi rahbari:

– Prezident Murojaatnomasida koʻtarilgan masalalar, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar Oʻzbekistonning ertasini belgilab beruvchi gʻoyalardan iborat.

Yurtimizda milliy gʻoyasiz, milliy oʻzlikni anglamasdan turib, vatanparvarliksiz hech qanday islohotlarni amalga oshirish mumkin emasligi belgilandi. Shuning uchun aytilayaptiki, milliy gʻoya Oʻzbekistondagi islohotlarning asosi boʻlib xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi huzurida “Oʻzbekiston tarixi” telekanalini ochish tashabbusi bilan chiqdi. Zero, tarixsiz buyuk kelajak boʻlmaydi. Tariximizni juda yaxshi bilishimiz kerak.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Oʻzbekiston millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik sohasida oʻz anʼanalariga doimo sodiq boʻlib, bu yoʻldan hech qachon ogʻishmasdan ilgari borishini qayd etdi.

Zayniddin Nozimxo'jayev.JPG

Zayniddin Nizomxoʻjayev, 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 

Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash 

masalalari qoʻmitasi raisi:

– Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida ijtimoiy sohaga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarning davomiyligini taʼminlash, muammolarni hal etishga urgʻu berildi. Ayniqsa, butun dunyoni tashvishga solayotgan onkologik kasalliklarning rivojlanib borayotganini hisobga olib, ayni yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning xorijda malakasini oshirish, shu yoʻnalishda aholiga xizmat koʻrsatayotgan tibbiyot muassasalarini zamonaviy jihozlar bilan taʼminlashga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalasidagi ishlar ham tahlil qilindi. Davlatimiz rahbari xotin-qizlar va yoshlarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish lozimligini qayd etdi. Bu borada yakuniga yetayotgan shu yilda koʻrilgan qator amaliy choralarga qaramasdan, 13 mingdan ziyod ayolning ijtimoiy ahvoli murakkab, eʼtiborga muhtojligini aytish joiz. Ularning bandligi hali-hanuz taʼminlanmagan. Bu borada ana shunday ayollarni ish bilan taʼminlashga qaratilgan maxsus dastur ishlab chiqish, uni amalga oshirish belgilab berildi.

Bahodir Yusufaliyev.jpg

Bahodir Yusupaliyev, 

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni 

saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari:

– Prezidentimizning Murojaatnomasida 2019 yilga oid vazifalar belgilandi. Investitsiyalarni faol jalb etsak, iqtisodiyotimiz rivojlanadi. Iqtisodiyot rivojlansa ijtimoiy sohaga eʼtibor kuchayadi, mablagʻ sarflashda muammolar boʻlmaydi. Shu jarayonda eng katta eʼtibor sogʻliqni saqlash tizimiga qaratiladi. Genofondimizni asrash, xalqimiz salomatligini mustahkamlash biz uchun hayotiy muhim masaladir. Tibbiyot tizimini takomillashtirish, sohaga ilgʻor ilm-fan yutuqlarini joriy etish, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish borasida jiddiy ishlashimiz zarur.

Xalqimizga xos azaliy anʼanalardan biri – nogironligi boʻlgan shaxslar, boquvchisini yoʻqotganlar, yolgʻiz keksalar, umuman, koʻmakka muhtoj qatlamlarni qoʻllab-quvvatlashdek ezgu amallarimiz yana davom etadi. Bu ustuvor vazifalarimizdan boʻlib qolaveradi. Davlatimiz rahbari aytganidek: “Iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy himoya bir-biridan ajralmas tushunchalar boʻlib, ularni ayri holda tasavvur qilib boʻlmaydi.”

Inom Majidov.JPG

Inomjon Majidov, 

Oʻzbekiston Respublikasi oliy va 

oʻrta maxsus taʼlim vaziri:

– Har doim har bir mamlakat uchun yetuk kadrlar tayyorlash muhim vazifalardan biri sifatida qaralgan. Shu bois, oliy taʼlim tizimida tahsil olish uchun teng imkoniyat yaratish, pedagog kadrlarga eʼtibor berish, mutaxassislar tayyorlashni kuchaytirishimiz muhim. Buni davlatimiz rahbari alohida taʼkidladi.

Oʻzbekistonda bitiruvchilarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi oʻtgan davrda 9-10 foiz edi. Soʻnggi ikki yilda koʻrilgan chora-tadbirlar tufayli bu koʻrsatkich 15 foizdan oshdi. Lekin dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan boʻlsak, bu koʻrsatkich ularda 60-70 foizni tashkil etadi. Shuning uchun 2019 yilda mamlakatimizda bu raqamni 20 foizga yetkazish, kelgusi yillarda bu boradagi ishlarni yanada izchil oshirish muhim vazifadir.

Oliy taʼlim muassasalariga, real imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, qabul kvotalarini mustaqil belgilash tizimi joriy etilishi, taʼlim berish va ilmiy faoliyatni amalga oshirishda universitet va institutlarimizning mustaqilligini kengaytirish lozimligi qayd etildi.

Jamshid Xo'jayev.jpg

Jamshid Xoʻjayev, 

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri:

– Murojaatnomada Oʻzbekistonning eksport salohiyatini oshirish, tashqi savdoni liberallashtirish vazifalari belgilab berildi. Rejalarimiz shundan iboratki, 2019 yilda eksport salohiyatini 30 foizga oshirish, yaʼni, 18 milliard AQSH dollariga yetkazishdan iborat. Oʻtgan yil davomida bu sohada juda koʻp muhim qonuniy hujjatlar qabul qilindi. Eksport uchun toʻsiqlarni bartaraf etish choralari koʻrildi. Soliq imtiyozlari joriy etildi. Ammo hali-hanuz muammolar borligini tan olishimiz zarur. Oʻzbekiston eksportda faol boʻlishi, dengiz portlariga chiqish uchun ikki davlatni kesib oʻtishi kerak. Logistika xarajatlari qimmatlik qilmoqda. Bu bir qadar murakkabliklarni keltirib chiqarmoqda. Shuning uchun sohadagi qiyinchiliklarni hal etishga doir vazifalar belgilandi.

Shuningdek, bojxona imkoniyatlarini ham koʻrib chiqish, barcha qulayliklarni yaratish yoʻlida harakat qilish lozimligi qayd etildi.

Endi davlat muassasalari bevosita fuqaro bilan ishlashga oʻtadi. Davlat idoralari xalqqa koʻmakchi, tadbirkorlarga biznes hamkor boʻlishi zarur, deb taʼkidladi Prezidentimiz.

Murojaatnoma kelgusida qilinadigan barcha ishlar uchun dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

 

OʻzA