Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-dekabr kuni Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan bir-birini samimiy qutlab, ezgu tilaklar bildirdilar.
Prezidentlar oʻzaro hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Soʻnggi yilda Oʻzbekiston – Qirgʻiziston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilib, aniq amaliy mazmun bilan boyigani qayd etildi.
Hamkorlik barcha yoʻnalishlarda faollashdi. Mamlakatlarimiz Bosh vazirlari raisligida joriy yil mart va dekabr oylarida Fargʻona va Oʻsh shaharlarida Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston chegaradosh hududlari rahbarlari kengashining majlislari oʻtkazildi. May oyida Parlamentlararo hamkorlik boʻyicha komissiyaning birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Oʻzaro savdo hajmi ortib, elektrotexnika, qurilish materiallari sanoati va boshqa sohalarda qoʻshma kooperatsiya loyihalari amalga oshirildi.
Andijon – Oʻsh – Irkishtom – Qashgʻar xalqaro avtotransport yoʻlagi ishlab turibdi, Oʻzbekiston – Qirgʻiziston –Xitoy temir yoʻl liniyasini qurish loyihasi birgalikda tayyorlanmoqda.
Toshkent va Samarqandda Qirgʻiziston madaniyati va sanʼati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini nishonlash doirasida mamlakatimiz hududlarida tantanali tadbirlar tashkil etilmoqda.
Oʻsh shahrida barpo etilgan Alisher Navoiy nomidagi maktab joriy yil kuzda ilk oʻquvchilarni oʻz bagʻriga olgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Suhbat yakunida davlat rahbarlari mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish borasida intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.

 

OʻzA