Murojaatnoma: Sudyalar korpusini shakllantirish tizimi sud hokimiyatining mustaqilligi prinsipiga toʻliq moslashtiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil uchun moʻljallangan eng muhim ustuvor vazifalar haqidagi Murojaatnomasida sud-huquq sohasi oldida turgan asosiy ustuvor vazifalarga eʼtibor qaratildi.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash maqsadida sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish zarurligi alohida taʼkidlandi.
“Sudyalar korpusini shakllantirish tizimini sud hokimiyatining mustaqilligi prinsipiga toʻliq moslashtirish, bu jarayonda keng jamoatchilik ishtirokini taʼminlash zarur, – dedi Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev. – Buning uchun tuman, shahar va viloyat sudi sudyalarini tayinlash vazifasini sudyalar hamjamiyati toʻliq oʻz zimmasiga olishi maqsadga muvofiqdir. Bu borada jamoatchilik fikri va ular oldidagi hisobdorlik masalasi toʻliq oʻz ifodasini topishi zarur”.
Darhaqiqat, bu jamiyatda barqaror muvozanatning, odamlar hayotdan rozi boʻlib yashashining muhim sharti boʻlgan bu odillik tamoyilini hayotimizda yanada keng qaror toptirishning zaruriy shartlaridandir.
Chunki sudyalar inson hayoti bilan bogʻliq faoliyat olib boradi. Aniqroq aytganda, ishi sudda koʻrilgan shaxsning keyingi taqdiri koʻp hollarda sudya qabul qilgan qarorga bogʻliq. Biror kishining nohaq ayblanishi, masalan, qilmagan aybi uchun uzoq yilga ozodlikdan mahrum etilishining oqibatini tasavvur qilish qiyin emas.
Bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik, tizimga eng malakali kadrlarni jalb qilish dolzarb vazifa. Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Sudyalik oddiy kasb emas, balki jamiyatda adolat muhitini yaratilishini taʼminlovchi shaxsdir. Haqiqiy adolat posboni boʻlish uchun esa sudya oʻzidan kechib ishlashi kerak. Buning mohiyati shundaki, doim oʻz ustida tinimsiz ishlash, halollik va fidoyilik bilan xizmat qilishdir.
Hozirgi kunda sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashning tizimi butunlay oʻzgarayotir. Bu jarayonga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish uchun nomzodlar ochiq, oshkora va muqobil tanlov asosida tanlash joriy etilgan.
Endilikda Prezidentimiz tomonidan qoʻyilayotgan talablar asosida sudyalarni tanlashda jamoatchilik fikri va ular oldidagi hisobdorlik masalasi toʻliq oʻz ifodasini topadi. Bu ushbu tizimda shaffoflik taʼminlanishi va muhimi, munosib shaxslar sudya boʻlishiga yoʻl ochadi.
Tuman, shahar va viloyat sudi sudyalarini tayinlash vazifasini sudyalar hamjamiyati toʻliq oʻz zimmasiga olishi esa tizim zimmasiga qoʻyilgan masʼuliyatni yanada oshiradi.

 

OʻzA