Murojaatnoma: Oliy Majlis huzurida Davlat byudjeti boshqarmasi tashkil etiladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil uchun moʻljallangan eng muhim ustuvor vazifalar haqidagi Murojaatnomasida parlament nazoratining taʼsirchan shakllaridan biri boʻlgan Davlat byudjetini qabul qilish va uning ijrosini koʻrib chiqishga alohida ahamiyat berish zarurligi qayd etildi. Bu ishni yuqori professional darajada yoʻlga qoʻyish uchun Oliy Majlis huzurida Davlat byudjeti boshqarmasini tashkil etish maqsadga muvofiq boʻlur edi.
Darhaqiqat, parlament nazorati instituti xalq vakillari boʻlgan deputat va senatorlarning soha va tarmoqlarni oʻrganishi, muhimi uchragan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etishga hissa qoʻshishida muhim omil boʻlmoqda.
Oliy Majlis Senati axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, Senat tomonidan aholini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarini aniqlash va ularning yechimini topish borasida muntazam oʻrganishlar oʻtkazilmoqda. Joriy yilning sentabr-noyabr oylarida 41 tumanda tegishli ishchi guruhlar tomonidan aniqlangan 3 ming 200 dan ziyod muammoni hal etish yuzasidan tuman va viloyat darajasidagi “yoʻl xarita”lari xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida tasdiqlangan.
Senat tomonidan Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflar asosida esa, Hukumat tomonidan qariyb 700 bandni oʻz ichiga olgan respublika miqyosidagi “yoʻl xarita” lari ishlab chiqilgan.
Parlament nazoratining muhim shakli boʻlgan senator soʻrovi, parlament eshituvi imkoniyatlaridan ham muammolar yechimini topishda foydalanilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan parlament oldiga qoʻyilayotgan yangi vazifalar tizimning yanada samarali ishlashini taqozo etadi. Ayniqsa, umummilliy manfaatlarimizning tub zamini boʻlgan Davlat byudjetini qabul qilish va uning ijrosini koʻrib chiqish boʻyicha parlament masʼulligi ushbu hujjatning har jihatdan toʻkis va mukammalligini taʼminlaydi.
Bu ishni yuqori professional darajada yoʻlga qoʻyish uchun yangi tuzilma – Oliy Majlis huzurida Davlat byudjeti boshqarmasi tashkil etilishi ushbu sohada mutlaqo yangi qadam boʻladi. Shu paytgacha parlament Davlat byudjeti loyihasini muhokama qilish, maʼqullash bilan shugʻullanib kelgan boʻlsa, endilikda ushbu hujjatni tayyorlashda bevosita ishtirok etadi.

 

OʻzA