Prezident: “Kelgusida yozgi Osiyo oʻyinlaridan biriga mezbonlik qilish boʻyicha istiqbolli reja ishlab chiqish kerak, biz bunga munosibmiz”

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasida jamiyatda sogʻlom turmush tarzi va sportni yanada ommalashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
– Jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish oldimizda turgan yana bir dolzarb vazifadir. Bu masalada hammamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak.
Sportni jadal rivojlantirish, xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan sportchilarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashga bundan buyon ham katta ahamiyat beramiz. Yosh avlodimiz oʻrtasida sportni ommalashtirish maqsadida eng chekka tumanlarda ham bolalar va oʻsmirlar sport maktablarini tashkil etamiz.
2020-yilda Tokioda oʻtkaziladigan yozgi Olimpiadaga tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz kerak.
Yana bir muhim masala – mamlakatimizda qishki sport turlari boʻyicha xalqaro talablar darajasida sportchilar tayyorlashning samarali tizimini yaratish kerak.
Poytaxtimizda barpo etilayotgan “Humo” muz sporti saroyi, shuningdek, yaqinda Toshkent viloyatining Amirsoy dam olish maskanida ishga tushiriladigan zamonaviy majmua ham ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Afsuski, hozirga qadar yurtimizda Olimpiya yoki Osiyo oʻyinlari kabi nufuzli sport musobaqalari oʻtkazilmagan. Shu bois yaxshi niyat bilan kelgusida yozgi Osiyo oʻyinlaridan biriga mezbonlik qilish boʻyicha istiqbolli reja ishlab chiqishni boshlashimiz kerak.

 

OʻzA