Murojaatnoma: Kadrlarni tayinlashda investitsiyaga qoʻshayotgan hissasi eʼtiborga olinadi

2019-yilda barcha manbalar hisobidan qariyb 138 trillion soʻmlik yoki 2018-yilga nisbatan 16 foiz koʻp investitsiyalarni oʻzlashtirish moʻljallanmoqda.
Bu borada toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar miqdorini joriy yilga nisbatan qariyb 1,5 barobar oshirib, 4,2 milliard dollarga yetkazamiz. Natijada 142 ta zamonaviy korxona ishga tushiriladi.
Chet el investitsiyalari birinchi navbatda strategik tarmoqlarga jalb qilinadi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijasi jahondagi yetakchi xalqaro reyting agentliklari tomonidan eʼtirof etilayotganini alohida taʼkidlash lozim.
Masalan, dunyodagi nufuzli “Fich reytings” va “Standart end pyurs” reyting agentliklari birinchi marta mamlakatimizning xalqaro suveren kredit reytingini belgiladi. Mazkur reyting davlat kafolatisiz xorijiy investitsiya va qarz mablagʻlarini jalb etish boʻyicha imkoniyatlarimizni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Ana shu reyting baholari “Barqaror” prognoziga ega boʻlib, bu yaqin 12-18 oy davomida ushbu koʻrsatkichning pasayish ehtimoli kamligini anglatadi.
Oʻzbekiston erishayotgan bunday reyting baholari Argentina, Armaniston, Belarus, Misr, Ukraina kabi davlatlardan yuqori ekanini qayd etish joiz.

 

OʻzA