OʻzAda yangi loyiha – “ELCHI MINBARI”

Bugungi shiddatli davrda xorijiy davlatlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashda Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi elchixonalarimiz oldida gʻoyat masʼuliyatli vazifalar turibdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 11-yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari faoliyatiga bagʻishlangan majlisda elchilarimiz faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish va ish uslubini takomillashtirish zarurligini taʼkidlab, ularning zimmasiga mamlakatimiz tashqi siyosatida ahamiyatli boʻlgan vazifalarni yuklagan edi.

Xoʻsh, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz ushbu vazifalarni bajarish boʻyicha qanday ishlarni amalga oshiryapti?

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari rahbarlariga quyidagi savollar bilan murojaat qildi.

1. Elchi janoblari, Oʻzbekistondagi keng koʻlamli oʻzgarishlar va mamlakatimizning xalqaro tashabbuslari borasida Siz faoliyat yuritayotgan mamlakat jamoatchiligi, siyosiy va tahliliy doiralari, ommaviy axborot vakillari fikri qanday?

2. Siz rahbarligingizdagi elchixona tomonidan ushbu mamlakatdagi hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik aloqalarni rivojlantirish borasida qanday ishlar bajarildi?

3. 2018-yilda elchixona tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar, Oʻzbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishga doir saʼy-harakatlar toʻgʻrisida nima deya olasiz?

4. Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarga oid loyihalarni amalga oshirishda xorijdagi vatandoshlarimiz ishtirokini taʼminlash, ularning salohiyatidan foydalanish boʻyicha qanday ishlar qilinmoqda?

5. Yurtdoshlarimizga elchixonaning 2019-yilgi rejalari, yangi loyihalari haqida soʻzlab bersangiz.

Loyihaning dastlabki ishtirokchisi:

 
Элчик.PNG

Alisher Abdualiyev,
Oʻzbekiston Respublikasining Ukrainadagi
Favqulodda va muxtor elchisiUKRAINA BILAN OʻZARO IQTISODIY HAMKORLIK MUNOSABATLARIDA TUB BURILISH KUZATILMOQDA

1. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda soʻnggi ikki yil ichida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar dunyo jamoatchiligi, siyosatchilar va tahlil markazlarida qiziqish uygʻotmoqda. Buni global xarakterdagi dolzarb masalalarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar va yangilanishlar misolida yechim topilayotgani bilan izohlash mumkin. Xususan, Prezidentimizning milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, qonun ustuvorligini, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, inson huquq va erkinliklari, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik, atrof-muhitni asrash borasidagi tashabbuslarini xalqaro jamoatchilik qoʻllab-quvvatlamoqda.

Ukraina jamoatchiligi Oʻzbekiston Prezidentining tashqi va ichki siyosatiga havas bilan qaraydi. Ularning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizning munosib hayot kechirishi, bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun zarur shart-sharoit yaratmoqda. Mamlakat tashqi va ichki siyosatidagi tub burilishning yorqin natijalari nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqa rivojiga turtki boʻlmoqda.

2. Ukrainada muayyan sabablarga koʻra soʻnggi toʻrt yil davomida kuzatilayotgan beqarorlik Oʻzbekiston – Ukraina hamkorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bir misol. Oʻzaro savdo aylanmasi 2013-yilda 1,1 milliard AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning yanvar – oktyabr oylarida savdo aylanmasi hajmi bor-yoʻgʻi 363,5 dollarga yetdi.

Iqtisodiy hamkorlikdagi ogʻir vaziyatga qaramasdan, Oʻzbekistonning Ukrainadagi elchixonasi mamlakatimiz vazirlik va idoralari bilan birga 2015-2017-yillarda ushbu holatni yaxshilash boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni koʻrdi. Soʻnggi ikki yilda elchixonamiz tomonidan toʻqimachilik, charm-poyabzal, maishiy texnika, yengil mashinalar eksportini ragʻbatlantirish maqsadida biznes uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi. Ushbu muloqotlar chogʻida qiymati 120 million dollardan ziyod eksport shartnomalari imzolandi. Ayni paytda ushbu bitimlar ijrosi nazoratga olingan.

2016-yilda elchixonamiz tashabbusi bilan “Artel” va “Akfa” maishiy texnikalarining Ukrainaga ilk eksporti yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi kunda Ukrainaning 16 hududida ushbu texnikalar sotuvi tashkil qilingan.

Xabaringiz bor, “Toshkent – Kiyev“ aviaqatnovi vaqtincha toʻxtatilgan. Bu mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasidagi faoliyatga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Sayyohlik rivojiga toʻsqinlik qiladigan bunday omillarga barham berish maqsadida 2019-yilning ikkinchi yarmidan Kiyev bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aviaparvozlarni tiklash ustida ish olib borilmoqda.

Kezi kelganda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari faoliyatiga bagʻishlab oʻtkazilgan majlisdan soʻng Ukraina bilan oʻzaro iqtisodiy hamkorlik munosabatlarida tub burilish kuzatilayotganini aytmoqchiman. Buning natijasida “qoʻllarimiz yechildi“, keng imkoniyatlar boʻy koʻrsata boshladi. Ushbu yigʻilishdan soʻng nafaqat elchilarda, balki viloyatlar hokimliklari, vazirlik va idoralar faoliyatida elchixonalar bilan ish yuritish uslubi oʻzgardi.

Majlisda Ukrainadagi elchixonamiz faoliyatini tashkil etish va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Shundan soʻng 2018-yil fevralidan “SamAuto” avtobuslarining Ukrainaga ilk eksporti boshlandi, maxsus, maqsadli tovarlar eksportini yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qilish uchun Ukrainadagi yirik korxonalar rahbarlarining mamlakatimizga tashrifi uyushtirildi.

Fevral oyida Ukraina Fanlar akademiyasining Bogʻdorchilik, Baliqchilik, Oʻsimlik genetikasi institutlari va Kartoshka yetishtirish ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari yurtimizga kelib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda ilmiy sheriklikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvlarga erishdi.

Elchixonamizga Navoiy viloyati bilan Ukraina oʻrtasida biznesni tashkil etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish vazifasi yuklangan. Bugungi kunda ushbu mamlakatga yelim quvurlar, hoʻl meva va maishiy texnika mahsulotlari eksportini tashkil etish boʻyicha kelishuvlar mavjud.

Hududlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Navoiy viloyati hokimi bilan Ukrainaning Zaporojye viloyati raisi, Samarqand viloyati hokimi bilan Lvov viloyati raisi, Qashqadaryo viloyati hokimi bilan Suma viloyati raisi, Toshkent viloyati hokimi bilan Xarkov viloyati raisi, Jizzax viloyati hokimi bilan Xerson viloyati raisi oʻrtasida telefon tarmogʻi orqali aloqa oʻrnatildi. May oyida Suma, Xerson va Lvov viloyatlari raislari ishbilarmon doira vakillari bilan Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Shuningdek, Samarqand viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari boshchiligidagi viloyat tadbirkorlari sentyabr oyida Lvov viloyatida boʻlib, muzokaralar oʻtkazdi.

Iyun oyida elchixonamiz tashabbusi bilan “Made in Uzbekistan” mavzuida biznes-forum va eksportbop mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Forum doirasida 25 million AQSH dollariga teng eksport shartnomalari imzolandi. Muloqotlar natijasida 2007-yildan buyon oʻtkazilishi qoldirib kelinayotgan hukumatlararo komissiyasining majlisini 2019-yilda oʻtkazishga kelishib olindi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri Botir Xoʻjayev ishtirok etdi. U tashrif doirasida Ukraina Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri Stepan Kubiv bilan muzokara oʻtkazdi.

Joriy yil oktyabr-noyabr oylarida oʻzaro savdoda kelishmovchilik yuzaga kelgandi. Uni bartaraf qilish maqsadida Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan Ukraina Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri Stepan Kubiv oʻrtasida telefon muloqoti oʻtkazildi. Mazkur tadbirlar natijasida oktyabr oyi holatiga koʻra, savdo aylanmasida 65,6 foizlik oʻsish kuzatildi.

3. Hozirgi kunda Ukraina hududida 40 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi istiqomat qilib kelmoqda. Shulardan 8 ming 800 nafari elchixonada doimiy roʻyxatga olingan. Bundan tashqari, Ukrainadagi oliy taʼlim muassasalarida 2 ming 800 nafar oʻzbekistonlik yoshlar tahsil olmoqda. Fuqarolarga uzluksiz xizmat koʻrsatish tizimi ishlab chiqilgan. Buning uchun barcha zarur sharoit – qabulxona, tibbiy yordam, ona va bola xonalari, kutubxona tashkil etilgan. Har seshanba “Elchining qabul kuni“ va har yakshanba soat 10:00-13:00 gacha “Ochiq eshiklar tartibi“ joriy qilingan.

4. Elchixonamiz savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi faoliyatni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Zero, savdo-sotiq rivoji bevosita madaniy hamkorlik bilan bogʻliq.

Elchixonamizda Ukrainadagi hamjamiyatlar vakillari ishtirokida turli madaniy tadbirlar muntazam uyushtiriladi. Joriy yilda Xarkov shahrida Navroʻz bayrami nishonlandi. Oʻzbek milliy madaniyati va sanʼatiga bagʻishlangan taqdimotlar, davra suhbatlari boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini targʻib qilishga qaratilgan ishlar ham yoʻlga qoʻyilgan. Shu maqsadda Lvov, Kiyev va Xarkov shaharlarida Oʻzbekistonning turizm salohiyatiga bagʻishlangan hududlararo taqdimotlar oʻtkazdik. Ularda Ukrainaning turizm sohasida faoliyat olib boradigan agentliklari vakillari ishtirok etdi. Elchixona tashabbusi bilan ukrainalik sayyohlarning yurtimizga sayohat uyushtirishini ragʻbatlantirish maqsadida har yakshanba soat 18:00 dan 20:00 gacha tematik taqdimotlar oʻtkazildi. Ularda 700 dan ortiq kishi xalqimiz turmush tarzi, urf-odatlari va madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldi.

Mashhur “Oryol i Reshka” telekoʻrsatuvining Oʻzbekistonga bagʻishlangan maxsus sonini suratga olish ishlari ham bevosita elchixonamiz tashabbusi bilan tashkil etildi va noyabr oyida koʻrsatuv efirga uzatildi.

Davlatimiz rahbarining taklifiga muvofiq, Ukrainaning yirik tibbiyot markazlari bilan hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Natijada oʻtkir xastaliklar bilan ogʻrigan bemorlar ushbu davlatda davolanmoqda. May oyida Ukraina neyrojarrohlik instituti direktori Ye.Pedanchenkoning Oʻzbekistonga tashrifi doirasida oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlari tibbiy sohadagi tajriba almashinuvlarni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

5. 2019 yilga moʻljallangan tadbirlarni Ukrainada davom etayotgan nomutanosiblik sababli xavfsizlik nuqtai nazaridan koʻrib chiqishimiz mumkin. Bunday holatda, birinchi navbatda, favqulodda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan hodisalarda fuqarolarimiz xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqishimiz zarur.

Umid qilamizki, 2019-yilda Ukrainada rejalashtirilgan Prezidentlik va parlament saylovi tinchlik-osoyishtalikda oʻtkaziladi.

Umuman olganda, kelayotgan yilda eksport hajmini 220 million AQSH dollariga yetkazish, “Toshkent – Kiyev“ yoʻnalishida aviaqatnovni tiklash, farmakologiya mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan 10 million AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilishni koʻzda tutadigan loyihani ishlab chiqish, shuningdek, madaniy-gumanitar sohadagi qator tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi faoliyatidan lavhalar.
5922e5e9-26a1-4ab3-8a5d-4666b7168f00.jpg
b682e23d-a156-4325-91d6-d90c49e5c731.jpg
d2677e3e-93fd-4529-8ec1-629de0428131.jpg
1f0cc4f4-087d-41b9-a8d4-019bae3926ec.jpg
73e4491a-1b15-4b92-9782-110a38b654f6.jpg
adb2a749-d240-4675-9fe7-1d0c90b75b59.jpg
3c207dae-a8eb-44cc-b5a9-d300aaaac14e.jpg
e4646883-415d-447a-a110-ffd059aa56c7.jpg
1206decc-8b89-4f9c-b1ac-0260dd52823c.jpg
edee3845-9b8a-4c1c-92a3-2e3f7d55975a.jpg
Loyihaning navbatdagi mehmoni – Oʻzbekiston Respublikasining Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov.
Saytimizni kuzatib boring.

 

OʻzA