2018 yil 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” toʻgʻrisidagi rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi. Bu gʻoyani BMT Bosh Assambleyasining 2017 yil sentyabr oyida boʻlib oʻtgan 72-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklif etgan edi.

Rezolyutsiyaning asosiy maqsadi fuqarolarning taʼlim olish huquqini taʼminlash orqali dunyoda savodsizlik va jaholatga barham berish, bagʻrikenglik, oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni, eʼtiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslikka koʻmaklashish kabi fundamental umuminsoniy tamoyillarning dunyoviy ustuvorligiga erishishga qaratilgan. Ushbu xalqaro aktning mazmun-mohiyati BMT doirasida qabul qilingan eng muhim hujjatlar, jumladan, BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Din yoki eʼtiqodlar zamiridagi murosasizlik va kamsitishlarning barcha shakllarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi deklaratsiya kabi xalqaro hujjatlarga toʻliq hamohangdir.

Oʻzbekiston tashabbusi BMT aʼzolari tomonidan mutlaq yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlangani quvonchli hol, albatta. Masalaning yana bir eʼtiborli jihati shundaki, ellikdan ortiq davlatlar, jumladan, islom dinining ona diyori – Saudiya Arabistoni ham mamlakatimiz taklif etgan hujjatga hammuallif boʻlish istagini bildirdi. Tarixdan xabardor kishilar bunday voqea oxirgi yuz yilliklar davomida ilk bor kuzatilayotganini yaxshi tushunadilar. Demak, Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan hujjatning olamshumul ahamiyati yanada oydinlashadi.

Taʼkidlash lozimki, bugungi ziddiyatlarga toʻla tahlikali zamonda biron-bir masalada xalqaro hamjamiyatning mutlaq yakdilligiga erishish deyarli imkonsiz boʻlib qoldi. Din bilan bogʻliq masalalarda esa bu jihat undan-da qiyinroq. Bunga koʻplab misollar keltirish mumkin. Pravoslav xristianlar dunyosida sodir boʻlayotgan va tobora chuqurlashib borayotgan boʻlinish, shuningdek, musulmon dunyosida ham kuzatilayotgan ayrim ixtilofli vaziyatlar bu fikrni tasdiqlab turibdi. Ana shunday sharoitlarda diniy qadriyatlarga bevosita daxldor masala boʻyicha Oʻzbekiston tomonidan taklif etilgan hujjatning xalqaro miqyosda mutlaq yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlangani ibratlidir.

Oʻzbekiston rahbari tashabbusining xalqaro hamjamiyat tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlangani tasodifiy hol emas, albatta. Bunday hamfikrlikni taʼminlagan bir necha jihatlarni izohlash oʻrinli. Birinchidan, rezolyutsiyada bugungi dunyo uchun eng muhim boʻlgan hayotiy masalalardan bir-biriga uzviy bogʻliq boʻlgan ikkitasi – maʼrifatni rivojlantirish zarurati hamda turfa dinlar va millatlardan iborat xalqaro hamjamiyatda “bagʻrikenglik” qadriyatlar – barcha mamlakatlar manfaatlariga mos tarzda oʻz ifodasini topishi. Ikkinchidan, ushbu masalaning, bugungi zamon taqozo etayotgan bir vaqtda, xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga havola qilingani. Uchinchidan, mazkur hassos hayotiy gʻoya xalqaro hamjamiyat aʼzolari eʼtiroziga sabab boʻlmaydigan shaklda rasmiylashtirilganidir.

Fursatdan foydalanib, yana bir masalaga diqqatni jalb etishni istar edik. “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi oxirgi bir yil davomida Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT tomonidan qabul qilingan ikkinchi xalqaro hujjatdir. Bundan oldinroq, yaʼni 2018 yilning 22 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash“ rezolyutsiyasi qabul qilingan edi. Uning loyihasi Oʻzbekiston tomonidan Markaziy Osiyodagi qoʻshni mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgani yaxshi maʼlum. Ushbu hujjat ham BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi. Aytish oʻrinliki, bu tashabbus ham Oʻzbekiston rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan. Mazkur gʻoya keyinchalik BMT shafeligida 2017 yilning noyabrida Samarqandda oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik“ mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi Prezidentimiz nutqida yanada chuqurroq asoslantirilgani yaxshi maʼlum. Mintaqa davlatlari tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi mazkur ko

nferensiya yakunlari boʻyicha BMTning yuqorida zikr etilgan Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligini taʼminlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashga doir maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklif etilgani barchamizga maʼlumdir ehtimol. Oʻshanda Oʻzbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari nomidan BMTga kiritilgan rezolyutsiya loyihasi qisqa muddat ichida toʻlaqonli xalqaro huquqiy hujjatga aylandi.

Taʼkidlash joizki, keyingi ikki yil davomida Oʻzbekistonda diniy-maʼnaviy sohada sodir boʻlayotgan tub oʻzgarishlar xalqaro hamjamiyatning eʼtiborini jalb qilib, uning eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Pirovarida, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabat tubdan ijobiy oʻzgarmoqda. Qisqa muddat ichida Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan bir emas, ikkita tashabbusning BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlangani buning yaqqol isbotidir.

Bayon etilganlardan chiqadigan mantiqiy xulosa shuki, davlatimiz rahbarining faol tashabbuskorligi har bir fuqaro uchun ibrat maktabi boʻlishi kerak. Modomiki Prezidentimiz saʼy-harakatlari tufayli xalqaro hamjamiyatning Oʻzbekistonga boʻlgan munosabati jadal oʻzgarib borayotgan ekan, biz – barchamiz bu kabi hayotbaxsh jarayonlardan tashqarida qolishimiz mumkin emas.

Prezidentimiz tashabbusi bilan taʼsis etilgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi ham mamlakatimizda kechayotgan tub oʻzgarishlar, ayniqsa, diniy-maʼnaviy jarayonlarning faol ishtirokchilari qatorida boʻlishga intilmoqda. Bunda dunyomiz taraqqiyotining oʻziga xos jihatlaridan biri ­– izchil kengayib borayotgan globallashuv fenomeni diniy-maʼnaviy hayotni ham qamrab olayotgani muntazam eʼtiborimizda boʻlishi shart. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi zimmasiga yuklangan masʼuliyatli vazifalarning sifatli ijrosi xalqaro ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish bilan uzviy bogʻliq ekanini yaxshi idrok etamiz. Shunga muvofiq, akademiya faoliyati boshlangan paytdan buyon oʻtgan qisqa davrda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator diqqatga sazovor ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Misrning Al-Azhar, Ayn Shams, universitetlari, “Hivor” ilmiy-tahliliy markazi, Turkiyaning Zaym, Saljuq, Ibn Xaldun va Kastamonu, Indoneziyaning Sulton Sharif Qosim va Sahid, Malayziyaning Islom fanlari universitetlari, Saudiya Arabistoni Podshohligi, BAA, AQSH, Germaniya, Xitoy, Avstraliya, Rossiya va Qozogʻiston kabi mamlakatlarning turdosh oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda yetakchi islomshunoslari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Joriy yilning oktyabr oyida Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari, shayx Ahmad Muhammad Tayyib boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida boʻldi. Uchrashuvda oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlari belgilab olindi. Mazkur hamkorlik doirasida misrlik mutaxassislar oʻzbekistonlik talabalarga arab tilidan dars bermoqda.

Akademiya jamoasi 2019 yilda ham xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratishni rejalashtirmoqda. Jumladan, Misr Arab Respublikasiga borishi rejalashtirilayotgan Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibiga akademiya vakillari ham kiritilgan. Boʻlajak ziyorat davomida, Misrning yana bir qator nufuzli oliy taʼlim, maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish maqsad qilingan.

Zahidullo Munavvarov,
 
Oʻzbekiston xalqaro islom
akademiyasi kafedra mudiri,
siyosiy fanlar doktori, professor

 

OʻzA