Yarmarkalarda mol va qoʻy goʻshti 28 ming soʻmdan sotilmoqda

Qoraqalpogʻiston Respublikasi shahar va tumanlarida ham Yangi yil bayrami oldidan bozorda narx-navo barqarorligini, aholining bayram dasturxoni toʻkinligini taʼminlash maqsadida savdo yarmarkalari tashkil qilingan.
Yarmarkalarda 29 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari sotuvga qoʻyilgan.
– Bayramoldi savdo yarmarkalarida mol va qoʻy goʻshti 28 ming soʻmdan, tovuq goʻshti 12 ming, tuxum 500 soʻmdan sotilmoqda, – deydi Qoraqalpogʻiston dehqon bozorlari birlashmasi boshligʻi Kamoliddin Avezmatov. – Nukus shahrida 6 joyda yarmarka tashkil etilgan. Savdo yarmarkalari kelasi yil 5 yanvargacha davom etadi.
“Nukus dehqon bozori”da tashkil qilingan yarmarkada hududdagi baliq, goʻsht, poliz, meva-sabzavot va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradigan 24 korxona va dehqon-fermer xoʻjaligi oʻz mahsulotlarini sotmoqda.
Aholiga bayram kayfiyati ulashish maqsadida yarmarkalarda maxsus konsert dasturlari ham tashkil etilmoqda.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA