12 nafar kasaba uyushma sportchisi ragʻbatlantirildi

Poytaxtimizda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yil davomida erishgan yutuqlari va sportning qator turlarini ommalashtirishga qoʻshgan munosib hissasi uchun kasaba uyushma faollaridan tarkib topgan sport jamoalarini tantanali taqdirlash marosimi oʻtkazildi.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan sportning ommaviyligini oshirish, mehnatkashlar va ularning oila aʼzolarini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, mehnat jamoalarida xodimlar gimnastikasini joriy etish va turli sport musobaqalarini oʻtkazish yoʻnalishlarida tizimli ishlar olib borilmoqda. Mamlakatimizning har bir hududida turli soha xodimlari oʻrtasida qator sport tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda.
Shu bilan birga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining sport jamoasi shakllantirilib, ular vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqdalar. Xususan, federatsiyaning sport jamoasi joriy yilda vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan “Doʻstlik spartakiadasi”da sportning shaxmat turi boʻyicha birinchi, shashka musobaqalarida ikkinchi, futbol turi boʻyicha esa uchinchi oʻrinni egalladi.
Tadbirda, “Doʻstlik spartakiadasi” sport musobaqalarida qoʻlga kiritgan yutuq va muvaffaqiyatlari eʼtirof etilib, gʻolib va sovrindor boʻlgan 12 nafar kasaba uyushma sportchisi munosib ragʻbatlantirildi.
Kelgusida kasaba uyushma sportini yanada rivojlantirish, bu orqali mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish yoʻnalishidagi ishlarga munosib hissa qoʻshish borasida kasaba uyushmalari oldida turgan dolzarb vazifalar taʼkidlab oʻtildi.

 

J.Toshxoʻjayev, OʻzA