Eng kutilmagan natija “Ettihad Stadium”da qayd etildi. Soʻnggi ikki mavsumda fantastik oʻyin namoyish etayotgan “Manchester Siti” oʻz maydonida jadvalning quyi pogʻonalarida borayotgan “Kristal Pelas”ga 2-3 hisobida yutqazib qoʻydi. Aslida oʻyin shaharliklar uchun yaxshi boshlangan edi. 27-daqiqada Gyundogan “Man. Siti”ni hisobda oldinga olib chiqdi. Ammo oradan koʻp oʻtmay mehmonlar nafaqat hisobni tenglashtirishga muvaffaq boʻldi, balki oldinga ham oʻtib olishdi.
Ikkinchi boʻlim boshlarida “shaharliklar” darvozasi tomon penalti belgilandi. Uni Milivoyevich aniq bajardi va Gvardiola jamoasini juda mushkul vaziyatga tushirib qoʻydi. Qolgan daqiqalarda “Man. Siti” qanchalik chiroyli oʻynamasin, raqib darvozasini faqat bir marta ishgʻol etishga muvaffaq boʻldi. Uzoq muddatli tanaffusdan keyin safga qaytgan Kevin de Bryuynening goli “shaharliklar”ni magʻlubiyatdan qutqarib qololmadi. Yana ham toʻgʻrirogʻi, Premyer-liganing eng keksa murabbiyi Roy Xojson oʻzidan ancha yosh Gvardiolani tajribasi evaziga magʻlub etdi. Endi “Man. Siti” peshqadam “Liverpul” klubidan naqd 4 ochkoga ortda qolmoqda.
Yana bir kutilmagan natija “Chelsi” ishtirokida kuzatildi. Mauritsio Sarri qoʻl ostida “aristokratlar” joriy mavsum oʻz maydonida yutqazishmay kelayotgan edi. Hatto “Liverpul”, “Man. Siti”, “Man. Yunayted” kabi jamoalar ham “Stemford Brij”dan uch ochko bilan qaytishmagandi. Ammo grandlar eplolmayotgan ishni oʻrtamiyona “Lester” uddaladi. Jeymi Vardi tomonidan kiritilgan yagona gol “tulkilar”ga Londondan gʻalaba bilan qaytish imkonini berdi.
Va nihoyat “Manchester Yunayted” oʻzining yangi bosh murabbiyi boshchiligida yirik 5-1 hisobidagi gʻalabaga erishdi. Eʼtiborli jihati, “qizil iblislar” bu ishni mehmonda uddalashdi. Joze Mourino qoʻl ostida “MYU” joriy mavsum safar oʻyinlarida ikkitadan oshiq gol kiritmagan edi. Lekin Ole Gunnar Sulsher boshqaruvidagi ilk oʻyinda jamoa shu qadar ochilib ketdiki, natijada “Kardiff Siti” oʻz darvozasidan beshta toʻp olib chiqishga majbur boʻldi. Haliyam shanba oqshomida “MYU”ning asosiy hujumchisi Romelu Lukaku tarkibda yoʻq edi, aks holda hisob yanada yirik koʻrinish olarmidi? Balki “qizil iblislar” Lukakusiz oʻynagani maʼquldir.
APLning 18-tur oʻyinlarida qayd etilgan natijalar bilan tanishing:
“Vulverxempton” – “Liverpul” – 0:2
“Arsenal” – “Byornli” – 3:1
“Bornmut” – “Brayton” – 2:0
“Vest Xem” – “Uotford” – 0:2
“Nyukasl” – “Fulxem” – 0:0
“Xaddersfild” – “Sautgempton” – 1:3
Bugun turning soʻnggi uchrashuvida “Everton” va “Tottenxem” jamoalari oʻzaro kuch sinashadi.
Chempionatda “Liverpul” 48 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. “Man. Siti” 44 ochko bilan 2-oʻrinda oʻzgarishsiz qoldi. Keyingi pogʻonalarni esa “Tottenxem” (39 ochko), “Chelsi” (37), “Arsenal” (37) jamoalari egallab turishibdi. “Manchester Yunayted” klubi kechagi gʻalabadan keyin 29 ochko bilan yana 6-oʻringa koʻtarildi.