Bugun oʻzbekistonlik karate ustalarini nafaqat Osiyo, balki jahonda ham hurmat qilishadi. Bunga esa atletlarimiz oʻzlarining mashaqqatli mehnatlari hamda xalqaro sport maydonlarida qoʻlga kiritayotgan yorqin gʻalabalari orqali erishgan. Shu bois boʻlsa kerak, qitʼamizning koʻplab mamlakatlari bizning karatechilar bilan oʻzaro tajriba almashish, birgalikda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish istagini bildirishadi.
Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasidan xabar qilishicha, shu yil 20-21 dekabr kunlari poytaxtimiz Toshkentda Hindistondan kelgan karatechilar uchun oʻziga xos master-klass tashkil etildi. Ikki kun davomida Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Oʻktam Bekpoʻlatov hindistonlik sportchi va murabbiylarga mahorat darslarini oʻtib berdi.
Mazkur yigʻin orqali karatechilar 2019 yilda oʻtkaziladigan A toifali (Seriya) hamda Premyer-liga musobaqalari oldidan oʻziga xos tajriba toʻplashdi.
Tashrif davomida mehmonlar Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi raisi Alamjon Mullayev bilan uchrashib, mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, karateni yanada rivojlantirish kabi turli masalalarni muhokama qilishdi. Tomonlar yana uch oydan soʻng Toshkent shahrida navbatdagi mahorat saboqlarini qoʻshma oʻquv-mashgʻulot yigʻini shaklida oʻtkazish borasida kelishib oldilar.