Mourinoning oʻrnini Kerrik egallaydi...mi?

Bugun portugaliyalik taniqli mutaxassis Joze Mourino “Manchester Yunayted” klubidan isteʼfoga chiqarilgach “qizil iblislar”ni vaqtincha jamoaning sobiq yarim himoyachisi Maykl Kerrik boshqarib turadi.
Ayni paytda klub rahbariyati jamoada doimiy asosda faoliyat olib boradigan bosh murabbiy axtarmoqda. Sky Sports tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, yaqin ikki sutka ichida “MYU”ning yangi ustozi aniq boʻladi.
Biroz avval 37 yoshli mutaxassis “qizil iblislar”ni mavsum oxirigacha boshqarib turishi haqida xabarlar tarqalgandi.
Eslatib oʻtamiz, Maykl Kerrik “MYU” tizimida 2006 yildan beri faoliyat olib bormoqda. Oʻtgan mavsum oxirida butsalarini mixga ilgan futbolchi Joze Mourinoga yordam berib kelayotgan edi.

 

Otabek Eshmamatov, OʻzA