“Manchester Yunayted”dan kutilgan isteʼfo, Jozega chiqish eshiklari koʻrsatildi

Angliyaning “Manchester Yunayted” klubida nihoyat kutilgan isteʼfo yuz berdi. Bu haqda klub rasmiy saytiga asoslangan holda www.championat.com maʼlum qiladi.
Mavsumni boʻsh boshlagan va hozirda Chempionlar ligasi hududidan naqd 11 ochkoga ortda qolayotgan jamoa ustozining isteʼfosi haqida koʻpdan beri gapirilib kelinayotgan edi. Va nihoyat Angliya Premyer-ligasining soʻnggi turida “qizil iblislar” ashaddiy raqiblaridan biri “Liverpul” klubiga 3-1 hisobida imkoniyatni boy berishgach, klub rahbariyatining sabr kosasi toʻlgan koʻrinadi.
Klub rahbariyati portugaliyalik mutaxassisning kelgusi faoliyatiga omad tiladi. “Man. Yunayted”da bosh murabbiy vazifasini kim bajarishi tez orada maʼlum qilinadi.
Mourino “qizil iblislar”ni 2016 yilning may oyidan beri boshqarib kelayotgan edi. 2016/17 yilgi mavsumda “Manchester Yunayted” Joze qoʻl ostida Angliya Liga kubogi, Yevropa ligasi hamda Angliya superkubogini qoʻlga kiritdi. Oʻsha yili jamoa APLda 6-oʻrinni egallagan boʻlsa, oradan bir yil oʻtib mavsumni 2-oʻrinda tamomladi.
Joriy mavsumda “MYU” APL yetakchisidan naqd 19 ochkoga ortda qolgan holda ayni paytda 6-oʻrinni egallab turibdi.

 

Otabek Eshmamatov, OʻzA