Xabar berganimizdek, bugun Qatar poytaxti Doxa shahrida FIFAning navbatdagi sammiti oʻz ishini boshladi. Ushbu nufuzli anjumanda sayyoramizdagi 50ta mamlakat futbol assotsiatsiyalari rahbarlari qatorida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ham ishtirok etmoqda.
Sammit davomida bir qator muhim masalalar muhokama qilinmoqda. Jumladan, ayollar futboli, “FIFA Forward” dasturi boʻyicha amaliy chora-tadbirlar, VAR tizimi masalalari boʻyicha oʻzaro fikr almashilmoqda. Shuningdek, sammit doirasida klublar oʻrtasidagi jahon chempionati formatini oʻzgartirish masalasi ham koʻrib chiqildi va ovozga qoʻyildi. Sammit ishtirokchilarining aksariyati klublar oʻrtasidagi jahon chempionati har ikki yilda oʻtkazilishi va unda 24ta klub qatnashishini yoqlab ovoz berishdi. Bu oʻzgarishlar klublar oʻrtasidagi jahon chempionatining nufuzini oshirishga qaratilgan boʻlib, bu bilan FIFA mazkur turnirga boʻlgan qiziqishni oshirishni maqsad qilgan.
Bundan tashqari sammit davomida 2022 yili Qatarda boʻladigan jahon chempionati ishtirokchilari sonini oshirish masalasi ham muhokama qilindi. Delegatlar oʻrtasida bu masala ovozga qoʻyilganda, 85 foiz qatnashchii JCH-2022da 48ta terma jamoa qatnashishini yoqlab ovoz berishdi.
Shuni alohida qayd etish kerak, FIFAga aʼzo 211ta mamlakat vakillari orasidan ushbu sammitda qatnashish uchun 50ta federatsiya va assotsiatsiyalar taklif qilingan. Ular orasida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining ham borligi FIFA tomonidan bizga bildirilayotgan yuksak ishonchdan darak beradi. Endilikda, FIFA bugungi ovoz berish jarayonlarini umumlashtirib, keyin Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishida mazkur masalalar, yaʼni klublar oʻrtasidagi JCH formatini oʻzgartirish hamda JCH-2022 ishtirokchilari sonini oshirish boʻyicha yakuniy qarorini qabul qiladi.