Xalqaro Standard & Poors kompaniyasi ham oʻz bahosini eʼlon qildi

Oʻzbekiston Respublikasining suveren reytingi xalqaro Standard & Poors kompaniyasi tomonidan eʼlon qilindi. Markaziy Bankning axborot xizmati xabarida qayd etilishicha, Oʻzbekistonning milliy va xorijiy valyutadagi uzoq muddatli defolt reytingi “BB-“ va qisqa muddatli defolt reytingi – “B“ yaʼni barqaror deb baholandi.

Standard & Poorʼs fikricha Oʻzbekistonda YAIMning oʻsishi 2021 yilgacha yillik 5 foiz darajasida boʻladi. Kompaniya xabariga qaraganda Oʻzbekiston tez orada xalqaro kredit bozorlariga chiqadi va 2021 yilga qadar 1 milliard AQSH dollari miqdoridagi qimmatli qogʻozlarni xalqaro bozorlarga joylashtiradi.

Eslatib oʻtamiz, sal avvalroq Oʻzbekiston Respublikasining birinchi suveren reytingi xalqaro Fitch Ratings kompaniyasi tomonidan eʼlon qilingan edi. Ushbu tashkilot ham Oʻzbekistonning milliy va xorijiy valyutadagi uzoq muddatli defolt reytingini “BB-“ va qisqa muddatli defolt reytingi – “B“ (barqaror) deb baholadi.

 

O’zA