Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Mamlakatimizda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, maʼrifatli islom qadriyatlarini asrash va targʻib etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Abu Iso Muhammad Termiziy kabi buyuk allomalarimiz nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari barpo etilayotgani, diniy taʼlim olish imkoniyatlari kengayayotgani, eʼtiqod qiluvchilarning huquqlari himoya qilinib, ularga sharoitlar yaratilayotgani jahonda eʼtirof etilmoqda. 
Joriy yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani Oʻzbekistonning diniy bagʻrikenglik borasidagi tashabbusining yorqin ifodasi boʻldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi asosida qabul qilingan ushbu hujjat jahon xalqlari oʻrtasida mavjud dinlarga mansub maʼrifiy bagʻrikenglik madaniyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bu tarixiy voqea Oʻzbekistonda din sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jahonda tan olinayotganidan, yurtimizning aynan ushbu masalalarda boy tarix va tajribaga ega ekanidan dalolat beradi.
Poytaxtimizda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi davlatimiz rahbarining ayni sohasidagi ezgu tashabbuslaridan biridir.
Shavkat Mirziyoyev joriy yil 15-iyun kuni ushbu markaz qurilishiga tashrif buyurib, inshoot poydevoriga ramziy tamal toshi qoʻygan edi.
photo5253815987919235508.jpg
Ayni paytda markaz qurilishi jadal olib borilmoqda. Bosh pudratchisi “12-trest” aksiyadorlik jamiyati boʻlgan inshoot poydevori quyilib, devor koʻtarilmoqda. Qurilish ishlari 3 smenada tashkil etilgan, ishchi-muhandislarga zarur sharoitlar yaratilgan.
Markaz loyihasi sharqona uslubda boʻlib, birinchi qavatdan marosimlar zali, qadimiy qoʻlyozma va osori-atiqalarni taʼmirlash, mavsumiy koʻrgazma boʻlimlari, doʻkonlar, muzey omborlari, 200 oʻrinli avtoturargoh oʻrin oladi.
Ikkinchi qavatda kutubxona, anjumanlar zali, ajdodlarimizning islom dini, ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasi, sanʼat, taʼlim, shaharsozlik va meʼmorlik anʼanalariga bagʻishlangan koʻrgazma zallari, oʻrtada Usmon Qurʼoni joylashadi. Uchinchi qavat axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar, xalqaro anjumanlar zali va boshqa xonalarni oʻz ichiga oladi.
Prezidentimiz qurilish jarayoni bilan tanishdi. Koʻrgazmalar zalida Oʻzbekiston tarixi davrlar boʻyicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etilishi zarurligini taʼkidladi.

– Hamma oʻz tarixini ulugʻlaydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yoʻq. Bu merosni chuqur oʻrganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam tariximiz haqida toʻla tasavvurga ega boʻlishi, katta maʼnaviyat olib ketishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari markazni pardozlash va jihozlashni takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

 

Umar Asrorov, OʻzA