Choshtepada yangi uylar qurilmoqda

Bugun poytaxtimizning Sergeli tumanida qurilish kranlari shunchalik koʻpki, xuddi daraxtzorga oʻxshaydi. Bu bunyodkorlik ishlari koʻlamidan, shiddatidan.
photo5253815987919235490.jpg
Jumladan, “Choshtepa” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 66 ta 7 qavatli uy qurilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yangi uy-joylarni borib koʻrdi.
Bu yerda 27 gektar yer maydonida yangi qurilish texnologiyalari asosida jami 3 ming 696 xonadonli 66 ta koʻp qavatli uy qurilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017 yildan boshlab mamlakatimizning barcha shaharlarida turar joyga muhtoj oilalar uchun arzon va har tomonlama qulay uy-joylar qurilishi boshlangan. Aholi uchun har tomonlama qulay boʻlgan bu kabi arzon uylar oxirgi 20-25 yil davomida Toshkent shahrida birorta ham barpo etilmagan. Shaharlarda qurilgan uylar ham asosan qimmat tijorat uylari boʻlib, bu uylarni ijtimoiy himoyaga muhtoj va byudjetdan maosh oladigan oilalar olish imkoniyatiga ega boʻlmagan.
Xususan, 2017 yilda poytaxtimizda jami 5 ming 532 xonadonli 151 ta uy foydalanishga topshirilgan. Sergeli tumanida 4 ming 284 xonadonli 102 ta arzon uylar bunyod etilgan. Shuningdek, 2 ming 444 xonadonli 75 ta tijort uylari qurilgan.
Joriy yilda poytaxtimizda barcha manbalar hisobidan 11 ming 400 xonadonli 258 ta koʻp qavatli uylar qurildi. Jumladan, uy-joyga muhtoj oilalar uchun Sergeli tumanida 4 ming 992 xonadonli 120 ta, Choshtepa mahallasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun 1 ming 176 xonadonli 21 ta, sobiq Chinni zavodi hududida 324 xonadonli 7 ta, Yashnobod tumani Olmos mahallasida harbiylar uchun 900 xonadonli 30 ta koʻp qavatli arzon uy barpo etildi.
Shavkat Mirziyoyev joriy yilning iyul oyida Choshtepa mahallasiga tashrif buyurib, qurilish jarayoni bilan tanishgan, uylarning mustahkam va pishiqligiga, ularni qurishda zamonaviy, yangi va samarador texnologiyalardan foydalanilayotganiga alohida eʼtibor qaratgan, mutasaddilarga bunyodkorlik ishlarini oʻz vaqtida va sifatli yakunlash boʻyicha topshiriqlar bergan edi.
Qayd etish lozimki, Choshtepa mahallasida qurilayotgan uylar mahalliy byudjetga prognozga nisbatan qoʻshimcha tushumlar hamda homiylar mablagʻlari hisobiga barpo etilayotgani bilan ahamiyatlidir. Uylar Toshkent shahar hokimligi tasarrufida boʻlib uy-joyga muhtoj oilalar va nogironlarga vaqtincha yashab turish uchun va keyinchalik imtiyozli kredit rasmiylashtirgan holda xususiy mulk sifatida berish belgilangan.
Oʻtgan davr mobaynida bu yerda keng koʻlamli qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. 1 ming 176 xonadonga moʻljallangan 21 ta uy tayyor holatga keltirildi. Har bir uy 7 qavatdan va 2 ta kirish yoʻlagidan iborat boʻlib, 56 xonadondan tashkil topgan.
Ahamiyatli tomoni, Turkiyaning innovatsion texnologiyalari asosida binoning tashqi devorlari energiya tejamkor materiallar bilan qoplangan. Bu uylarni qishda issiq, yozda salqin boʻlishini taʼminlaydi.
Prezidentimiz ushbu uylardan birini kirib koʻrdi. Qurilish sohasida yangi tizim yaratilganini, bu aholini uyli qilish bilan birga koʻplab ish oʻrinlari ham ochayotganini taʼkidladi.
Mavzeda mahalla guzari ham bunyod etilgan boʻlib, unda mahalla raisi va maslahatchilari xonalari, uy-joy mulkdorlari shirkati, profilaktika inspektori xonasi, kutubxona faoliyat yuritadi.
Shavkat Mirziyoyev tumanning 8-dahasi yonida quriladigan uylar uchastkasida ham boʻldi. Bu yerda 27 ta 9 qavtli turar joy barpo etiladi, yana koʻplab oilalar uy bilan taʼminlanadi.
photo5253815987919235491.jpg
photo5253815987919235492.jpg
photo5253815987919235493.jpg
photo5253815987919235494.jpg

 

Ziyodulla Jonibekov, OʻzA