Shavkat Mirziyoyev investitsiya loyihalari boʻyicha topshiriqlar berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Steel property construction” qoʻshma korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarini koʻzdan kechirdi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qildi.
Bir nechta sexlardan iborat bu korxona Yashnobod tumanidagi sobiq aviatsiya zavodiga qarashli foydalanilmay yotgan binolarda ish boshlagan. Xorijdan texnologiyalar olib kelinib, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
Masalan, “Dacros” korxonasi Yevropa texnologiyasi asosida temir eshiklar tayyorlashga ixtisoslashgan. Bu eshiklar koʻp qavatli turar joylar yoʻlaklari, namunaviy uylarga oʻrnatilmoqda.
Yana bir binoda Niderlandiya texnologiyasi asosida turli oʻlchamdagi metall konstruksiyalar ishlab chiqarish tashkil etilgan. Bu yerda yiliga 24 ming tonna metall mahsulotlar bilan birga sendvich panellar, bruschatkalar, yoʻl cheti toʻsiqlari, isitish radiatorlari tayyorlanadi. Ichki bozordan tashqari qoʻshni mamlakatlar mahsulotning asosiy bozori hisoblanadi. Korxonada 440 ish oʻrni yaratilgan.
“Midas agrotech” korxonasida zamonaviy issiqxona majmualari uchun konstruksiyalar, shuningdek, quyosh nuridan himoyalovchi toʻrlar, plastik yashiklar, polietilen plyonka kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
“Bektemir metall konstruksiyalari” korxonasida yoʻl toʻsiqlari, yoritish ustunlari, qurilish konstruksiyalari, elektr payvandlangan quvurlar tayyorlanadi.
Davlatimiz rahbari mazkur sexlardagi ishlab chiqarish jarayonini kuzatdi. Mahsulotlar sifati va bozori bilan qiziqdi.
Bektemir tumanidagi “Binokor” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar namoyish etildi.
Prezidentimiz mazkur korxona tomonidan ishlab chiqarilgan temir-beton panellardan namuna sifatida qurilgan xonalarga kirib koʻrdi. Koʻp qavatli uylarni tez muddatlarda qurish, aholini uy-joy bilan taʼminlash uchun bunday korxonalar juda zarurligini taʼkidladi. Shu yoʻnalishga ixtisoslashgan korxonalarni koʻpaytirish va kadrlar tayyorlash boʻyicha topshiriqlar berdi.
Shu yerda Toshkent shahri iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yangi korxonalar tashkil etishga doir loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. 2019-yilda poytaxtimizga 2 milliard 700 million dollar miqdorida investitsiya kiritilishi, bu mablagʻ sanoat, qurilish, xizmat koʻrsatish va boshqa sohalarga yoʻnaltirilishi maʼlum qilindi.
5f7e4c52-1ddf-7d2b-b843-9fa975877163.jpg
d12cbffe-8c98-cf27-399b-12dc0c764119.jpg
1ab58b85-a84a-96cf-a6ca-6237f9f91dbe.jpg
e01510d3-8889-b6b3-0bce-5b0934c21ccf.jpg
fbbe30b0-1bdd-aacc-e51c-cd1b9e8b279a.jpg
2b83c688-eae1-9ac4-f328-d0c717d61888.jpg

 

OʻzA