Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotlari kengashidan

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotlari kengashi 2019 yilda beriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlariga tavsiyanomalar 2019 yilning 25 yanvarigacha qabul qilinishini maʼlum qiladi.

Fan va texnika sohasida Davlat mukofotiga quyidagi talablarga javob beradigan ishlar qabul qilinadi:

– respublika fanini rivojlantirishga ulkan hissa boʻlib qoʻshilgan va xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan fundamental tadqiqotlar, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va maʼnaviy-maʼrifiy rivojlanishiga kuchli taʼsir qilgan kashfiyot, ixtiro va ilmiy ishlanmalar, jahon miqyosidagi eng ilgʻor standartlarga mos boʻlgan va amaliyotga katta samara bilan joriy etilgan yangi texnika va texnologiyalar (birinchi darajali mukofot uchun);

– respublika fanining muayyan tarmoqlarini rivojlantirishga salmoqli hissa boʻlib qoʻshilgan va xorijiy mamlakatlarda eʼtirof etilgan fundamental tadqiqotlar, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va maʼnaviy-maʼrifiy rivojlanishiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan ixtirolar, ilmiy ishlanmalar, taʼlim muassasalari uchun darsliklar, ilgʻor standartlarga mos boʻlgan va ishlab chiqarishga samarali joriy qilingan yangi texnologiyalar (ikkinchi darajali mukofot uchun).

Adabiyot sohasida Davlat mukofotiga quyidagi talablarga javob beradigan ishlar qabul qilinadi:

– oʻzbek adabiyotini rivojlantirishga ulkan hissa boʻlib qoʻshilgan, keng madaniy jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilgan, xalqaro miqyosda milliy adabiyotimizning obroʻ-eʼtiborini koʻtarishga xizmat qilgan yuksak badiiy saviyadagi sheʼriy, nasriy va dramatik asarlar, oʻzbek adabiyoti eng nodir asarlarining xorijiy tillarga tarjimalari hamda adabiyotshunoslik yoʻnalishidagi fundamental tadqiqotlar (birinchi darajali mukofot uchun);

– zamonaviy oʻzbek adabiyoti rivojida munosib oʻrin egallagan yuksak saviyadagi badiiy va publitsistik asarlar, jahon adabiyotining milliy maʼnaviyatimizni boyitishga xizmat qiladigan yetuk asarlarining oʻzbek tiliga tarjimalari, adabiyotshunoslik sohasidagi tadqiqotlar hamda adabiyot darsliklari (ikkinchi darajali mukofot uchun).

Sanʼat va meʼmorchilik sohasida Davlat mukofotiga quyidagi talablarga javob beradigan ishlar qabul qilinadi:

– respublikada madaniyat, sanʼat va meʼmorchilikni rivojlantirishga beqiyos hissa boʻlib qoʻshilgan, keng jamoatchilik tomonidan hamda xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan, eng yuksak badiiy saviyadagi sanʼat va meʼmorchilik asarlari (birinchi darajali mukofot uchun);

– respublikada madaniyat va meʼmorchilikni rivojlantirishga salmoqli hissa boʻlib qoʻshilgan, keng jamoatchilik va ijodkorlar tomonidan eʼtirof etilgan, yuksak badiiy saviyadagi sanʼat va meʼmorchilik asarlari (ikkinchi darajali mukofot uchun).

Davlat mukofoti shaxsiy xarakterga ega va qoidaga koʻra bitta shaxsga beriladi. Davlat mukofotiga tavsiya etilgan ishda bir necha shaxsning hissasi hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan taqdirdagina Davlat mukofoti mualliflar jamoasiga berilishi mumkin. Mualliflar jamoasi besh kishidan oshmasligi kerak.

Bir necha shaxslar tomonidan bajarilgan ishlarni mukofotga taqdim etishda daʼvogarlar jamoasiga faqat ishni bajarishda bevosita ijodiy ishtiroki eng yuksak darajada va hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan asosiy mualliflargina kiritiladi. Mualliflar jamoasi tarkibiga maslahatchilik, maʼmuriy va tashkiliy ishlarni bajargan shaxslarni kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Mualliflar jamoasi tarkibiga vafot etgan, lekin ishni bajarilishida qoʻshgan hissasi ahamiyatga ega boʻlgan shaxslar ham kiritilishi mumkin.

Davlat mukofotiga hukumatning boshqa mukofoti bilan ilgari taqdirlangan mualliflar ham istisno tariqasida tavsiya etilishi mumkin.

Fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotiga koʻrsatilayotgan ilmiy tadqiqotlar, adabiy va badiiy asarlar matbuotda eʼlon qilingan, texnika va texnologiyalar boʻyicha bajarilgan ishlar ishlab chiqarishga joriy etilgan boʻlishi kerak.

Musiqa, teatr, kino, tasviriy va boshqa xil sanʼat asarlari, konsertlar, koʻrgazmalar, teatrlar, radio va televideniye orqali eʼlon qilingan, keng jamoatchilikka tanishtirilgandan keyin, meʼmorchilik asarlari boʻyicha obyektlar esa foydalanishga topshirilgandan soʻng bir yil oʻtgach tavsiya etilishi mumkin.

Fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotiga taqdim etiladigan har bir ishga tavsiya etuvchi tashkilot tomonidan tavsiyanoma xati yoziladi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:

– muallif (mualliflar jamoasi uchun – har bir muallif)ning familiyasi, ismi va otasining ismi (pasport boʻyicha), tugʻilgan yili va joyi, yashash manzili, ishlash joyi yoki faoliyat turi, ilmiy darajasi va unvoni (mualliflarning familiyalari alifbo tartibida koʻrsatiladi);

– ishning nomi;

– ishning taqdim etilishini asoslovchi natijalar, texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar va maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati, amalga oshirilish koʻlami;

– uning tugallangan, nashr qilingan, qurilgan, jamoatchilikka koʻrsatilgan va ishlab chiqarishga joriy etilgan vaqti.

Tavsiyanoma xati taqdim etayotgan tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan boʻlishi kerak. Rahbarning oʻzi mukofotga daʼvogarlar tarkibiga kirgan holatdagina xatni rahbarning oʻrinbosari imzolaydi.

Tavsiyanoma xatiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

– ishni taqdim etish haqida, uning nomi, mukofotga daʼvogarlarning familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatilgan holda muassasa ilmiy yoki ilmiy-texnika kengashi majlisining, vazirlik hayʼatining va boshqa tegishli majlislar bayonnomasidan koʻchirma;

– ishning qayerda amalga oshirilgani, vaqti, salmogʻi hamda uning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari, maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan tavsifi qayd etilgan holda qisqacha mazmuni (hajmi 10 sahifadan oshmasligi, muallif yoki mualliflar tomonidan imzolanishi kerak).

Agar mukofotga tavsiya etilgan tadqiqot ishi buyurtmaga koʻra bajarilgan boʻlsa, buyurtmachi tashkilot boʻysunadigan vazirlik yoki idora rahbariyati roziligini tasdiqlovchi hujjatlar ham ilova qilinishi lozim.

– mualliflar jamoasi tomonidan bajarilgan ishlar uchun har bir muallifning ishga qoʻshgan ijodiy hissasi aniq koʻrsatilgan, har bir muallif tomonidan imzolangan va notarial tasdiqlangan dalolatnoma;

– har bir muallif uchun 4×6 sm. oʻlchamli rangli fotosurat yopishtirilgan xodimlarni hisobga olish varaqasi hamda maʼlumotnoma (elektron varianti bilan);

– qoʻshimcha 4 dona 4×6 sm. oʻlchamli fotosurat va pasport nusxasi;

– ilmiy ishlar, adabiy va dramatik asarlar, tarjimalar, darsliklarning nashrlari, mashina va mexanizmlar, yangi materiallar, konstruksiyalar tavsiflari, ishlab chiqarishga joriy etilgan ishlarning dalolatnomalari, qurilgan imoratlar va ixtirolarning bayonlari, qoʻshimcha chizma, sxema, xarita, fotoalbom va maketlar, sanʼat asarlarining yozma, ovozli yoki video yozuv, tasvir, hajmli-fazoviy va boshqa shakllarda chop etilgan nusxalari.

Eslatma: taʼlim muassasalari uchun darsliklar boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarning xulosalari ilova qilinadi.

Mukofotga tavsiya etilgan ish va unga oid hujjatlar uch nusxada topshirilishi kerak.

Taqdim etiladigan hujjatlar nusxalarining har bir yigʻmasi alohida jildga solinadi. Chop etilgan ilmiy, adabiy, badiiy asarlar yoki alohida muqovalangan ishning bayonidan bir nusxadan ham jildga solinadi. Jild ustiga ishni taqdim etuvchi muassasa nomi, ishning nomi va muallif(lar) familiyasi, ismi va otasining ismi toʻliq yoziladi.

Fan va texnika sohasida Davlat mukofotlariga tavsiyanomalar Kengashning ishchi organi – Fanlar akademiyasi tomonidan, Adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasida Davlat mukofotlariga tavsiyanomalar Kengashning ishchi organi – Madaniyat vazirligi tomonidan qabul qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga taqdim etiladigan ishlarga qoʻyiladigan talablar bilan tanishish va lozim boʻlgan hujjatlarni tayyorlash bilan bogʻliq masalalar boʻyicha quyidagi manzilga murojaat qilish mumkin:

Fan va texnika sohasida Davlat mukofoti boʻyicha:
 
100047, Toshkent shahri,
Yahyo Gʻulomov koʻchasi, 70-uy, 322-xona.
Tel.: (371) – 233-59-46.
Adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofoti boʻyicha:
100011, Toshkent shahri,
Alisher Navoiy koʻchasi, 30-uy, 308-xona.
Tel.: (371) – 239-49-57, 244-65-97.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotlari kengashi.