Moʻynoq yangi imkoniyatlar ostonasida

Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Yangi Moʻynoq – yangi imkoniyatlar” mavzusida xalqaro investitsiya biznes forumi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamkorligida tashkil etilgan forumda xorijiy davlatlardan investorlar, yetakchi turistik kompaniyalar vakillari, shuningdek, yurtimiz tadbirkorlari ishtirok etdi.

– Prezidentimiz joriy yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpogʻistonga tashrifi davomida tumanimizda olib borilayotgan islohotlar bilan tanishib, kelgusi ikki yilda amalga oshirilayotgan loyihalar orqali Moʻynoqning rivojlanishida yangi davr boshlanganini taʼkidlagan edi, – deydi Moʻynoq tumani hokimi S.Doniyorov. – Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi boʻyicha umumiy qiymati 504,2 milliard soʻmlik 73 loyiha amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Bu 1 ming 250 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf qilish, hudud aholisi farovonligini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida jahon hamjamiyati eʼtiborini Orol fojiasiga qaratdi. Shuningdek, 2018-2021 yillarda Orolboʻyi hududini rivojlantirish boʻyicha Davlat dasturi qabul qilindi. Prezidentimiz joriy yil 24 avgust kuni Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida oʻtkazilgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlar rahbarlari majlisida Orolboʻyi hududini Ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi, deb eʼlon qilish boʻyicha taklif bilan chiqqani ham butun mintaqa taqdiriga eʼtiborning yuksak ifodasidir.

Shuningdek, 2017 yil 1 iyulda uzunligi 101 kilometr boʻlgan “Qoʻngʻirot – Moʻynoq suv obyekti qurilishi” loyihasining foydalanishga topshirilishi, yaqinda BMTda Orolboʻyi hududi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fond tashkil qilinishi moʻynoqliklar turmushidagi unutilmas tarixiy voqea boʻldi.

Moʻynoq bugun rivojlanishning yangi davri ostonasiga qadam qoʻydi. Kelasi yili Moʻynoqda umumiy qiymati 1 trillion soʻmlik investitsiya hisobidan yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy infratuzilmalar va tadbirkorlikni rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Tuman markazida zamonaviy shahar qad rostlaydi. Hududda chorvachilik, baliqchilik, turizm rivojlanadi. Ijtimoiy va muhandislik-kommunikatsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlariga 2018-2021 yillarda umumiy qiymati 352 milliard 794 million soʻmlik, Osiyo taraqqiyot bankining resurslari hisobidan 14,2 million AQSH dollari miqdorida investitsiya ajratish nazarda tutilgan. Shuning hisobidan 2021 yilga borib tumanda sanoat tovarlari ishlab chiqarish hajmi 1,5, isteʼmol tovarlar ishlab chiqarish 1,3, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 1,2, xizmat koʻrsatish 1,3 hissaoshadi.

Forum doirasida tashkil etilgan tumanning turizm imkoniyatlariga oid taqdimotda taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Moʻynoq tumanida oʻtkazilgan xalqaro “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar”, “Stixiya” elektron musiqiy festivallari, Orol dengiziga mediaturlar tashkil qilinishi xorijiy turistlar eʼtiborini jalb qilmoqda. Koʻrilayotgan choralar natijasida Qoraqalpogʻistonga, jumladan, Moʻynoqqa tashrif buyuruvchi sayyohlar soni sezilarli darajada oshdi. Masalan, oʻtgan yili Qoraqalpogʻistonga 8 ming 200 nafar xorijiy sayyoh kelgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan 10 oyida bu koʻrsatkich 14 ming 500 ga yetgan. Mutaxassislar tumanda eko, ziyorat, avto va avia turizmni rivojlantirish imkoniyatlari haqida ham fikr almashdi.

Tadbirda Moʻynoq tumani hokimligi bilan Xitoy Xalq Respublikasining “Fumeigroup” qoʻshma korxonasi oʻrtasida qamishni qayta ishlash orqali qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha, “Orientechnology” qoʻshma korxonasi bilan artemiya tuxumi (sistasi)ni qayta ishlash boʻyicha, Germaniyaning “GraessenergyuzDe” qoʻshma korxonasi bilan qiymati 30 million AQSH dollari boʻlgan quyosh elektrostansiyasi qurilishi boʻyicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan memorandum imzolandi.

Tadbir doirasida mehmonlar hududdagi kemalar qabristoni hamda ekologiya muzeyiga tashrif buyurdi.

30.JPG

34.JPG

 

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat), OʻzA