Endilikda Milliy oʻlchash etalonlari va milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va oʻlchash sertifikatlarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi kelishuvni (CIPM MRA) imzolagan mamlakatlarning kalibrlash sertifikatlari mamlakatimizda ham hech qanday istisnolarsiz tan olinadi.
Poytaxtimizda OʻzLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qoʻmitasi tashabbusi bilan davlatimiz rahbarining joriy yil 12 dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyatini oʻrganish va uning samarali ijro etilishini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan davra suhbatida boʻlib oʻtdi.
Tadbirda qarorning tadbirkorlik subyektlarini rivojlantirishdagi ahamiyati xususida soʻz yuritildi. Taʼkidlanganidek, endilikda Milliy oʻlchash etalonlari va milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va oʻlchash sertifikatlarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi kelishuvni (CIPM MRA) imzolagan mamlakatlarning kalibrlash sertifikatlari mamlakatimizda ham hech qanday istisnolarsiz tan olinadi. Shuningdek, sifat menejmenti tizimlarini joriy etgan va milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalardan foydalanadigan tadbirkorlik subyektlariga ular tomonidan mamlakatimizda ishlab chiqariladigan mahsulotning muvofiqligini deklaratsiyalash yoʻli bilan tasdiqlash huquqi berilmoqda.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar standartlashtirish va metrologiya boshqarmalari tugatilib, “Oʻzstandart” agentligi qoshida departament tashkil etiladi.
Yangi departament texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunbuzilishlarining oldini olish va profilaktika qilish, tadbirkorlik subyektlariga har tomonlama yordam koʻrsatishga masʼul etib belgilandi. Texnik reglamentlar, standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi, oʻlchov birliklari yagonaligi va ishonchliligini taʼminlash, majburiy sertifikatlashtirish qoidalari talablari bajarilishi ustidan nazorat oʻrnatish ham Agentlik huzurida tashkil etilayotgan departamentning asosiy vazifalaridan biridir.
Davra suhbatida qaror OʻzLiDeP elektorati boʻlgan tadbirkorlar uchun ham qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratayotgani taʼkidlandi. Jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan oʻlchash vositalariga muvofiqlik sertifikatini taqdim etmagan holda, uni bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida oʻrnatilgan tartibda olish sharti bilan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish imkoniyati mavjud.
Bundan tashqari, Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya qilish forumi (IAF) toʻlaqonli aʼzolari hisoblangan davlatlarning sertifikatlashtirish organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlari taqdim etilganda, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan koʻp boʻlmagan tadbirkorlik subyektlari oʻz ehtiyojlari uchun olib kiradigan qishloq xoʻjaligi texnikasi, texnologik uskunalar va ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, shuningdek, majburiy sertifikatlanishi lozim xomashyo, materiallar va buyumlar majburiy sertifikatlashtirishdan ozod qilinadi.