Eksternat toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirish kiritildi

11 yillik majburiy taʼlim joriy etilishi munosabati bilan 11 yillik hajmda 18 yoshdan oshgan fuqarolarga eksternat tartibida yakuniy attestatsiya topshirish huquqi berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati maʼlum qilishicha, Xalq taʼlimi vazirining “Eksternat toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 2018 yil 15 noyabrdagi 13-mh-sonli buyrugʻi ishlab chiqildi hamda 2018 yil 12 dekabr kuni Adliya vazirligidan 2670-1-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Unga koʻra, 11 yillik majburiy taʼlim joriy etilishi munosabati bilan 11 yillik hajmda 18 yoshdan oshgan fuqarolarga eksternat tartibida yakuniy attestatsiya topshirish huquqi berildi. Eksternlar tegishli yilning 1 martidan 1 mayiga qadar (shu kuni ham) hududiy boshqarmalar tomonidan belgilangan umumiy oʻrta taʼlim maktab direktoriga ariza bilan murojaat etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 oktyabrdagi 789-son “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan beriladigan tasdiqlovchi hujjatlar turlarini tubdan qisqartirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq talab etiladigan hujjatlar tarkibidan “yashash joyidan maʼlumotnoma” chiqarib tashlandi.

 

OʻzA