Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 13 dekabr kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari Qashqadaryoga tashrifini Gʻuzor tumanida barpo etilayotgan Uzbekistan GTL zavodi bilan tanishishdan boshladi.
Ushbu hudud yaqin-yaqingacha quruq dasht boʻlib, bu yerda qurilishi moʻljallagan zavod loyihasi toʻxtab qolgan edi.
Shavkat Mirziyoyev bu loyihaga oid barcha masalalarni hal qilib berdi – Prezidentimizning 2016 yil 29 dekabrdagi qaroriga muvofiq, “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasi boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Davlatimiz rahbari 2017 yil fevral oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida mazkur zavodning qurilish maydoniga kelib, uni moliyalashtirish, xorijiy texnologiyalar bilan jihozlash, quruvchilar va kadrlar taʼminoti kabi barcha masalalarni chuqur tahlil qilgan edi.
Xuddi oʻsha joy. Faqat bu gal manzara umuman boshqacha. 135 gektardan ziyod maydonda qurilish ishlari qizgʻin davom etmoqda. Temir-beton poydevorlar qoʻyilib, estakadalar koʻtarilgan. Ulkan avtokranlar oʻrnatilib, murakkab uskunalarni yigʻish boshlab yuborilgan. Zavodning yuragi boʻlmish “Fisher-Tropsh” reaktori barpo etilmoqda.
Zavod dunyodagi yetakchi litsenziar kompaniyalar – “Sasol” (JAR), “Haldor Topsoe” (Daniya) va “Chevron” (AQSH) texnologiyalari asosida bunyod etilayotir. Qurilish ishlari bosh pudratchi – Koreya Respublikasining “Hyundai Engineering Co. Ltd.” va “Hyundai Engineering and Construction Co., Ltd”, Singapurning “Enter Engineering Pte. Ltd.” kompaniyalari tomonidan olib borilmoqda. Quruvchi va payvandchilarning koʻpchiligi mahalliy yoshlardir.
Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, AQSH, Germaniya, Italiya, Xitoy, Rossiya kabi 21 davlatdagi 126 zavodda majmua uchun zarur 11 mingdan ortiq texnologik uskuna tayyorlanmoqda.
Bunday ish hajmi bejiz emas. Tabiiy gazdan sintetik suyuq yoqilgʻi (GTL) olish juda murakkab jarayon boʻlib, yuqori texnologiyalar va chuqur ilmiy yechimlarni talab etadi. Hozir dunyoda bunday zavodlar atigi beshta. Shoʻrtandagisi oltinchisi boʻladi.
Mazkur ulkan loyihaning umumiy qiymati 3,6 milliard AQSH dollariga teng. Uning amalga oshirilishi natijasida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz chuqur qayta ishlanib, YEVRO-5 standartiga javob beradigan 1,5 million tonna sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqariladi. Uning 311 ming tonnasi aviakerosin, 743 ming tonnasi dizel yonilgʻisi, 431 ming tonnasi nafta, 53 ming tonnasi suyultirilgan gaz boʻladi.
Zavodning asosiy ahamiyati shundaki, tabiiy gaz xomashyo emas, qoʻshimcha qiymatli mahsulot sifatida sotiladi. Masalan, 1000 kub metr tabiiy gazni taxminan 155 dollarga eksport qilayotgan boʻlsak, yangi zavodda shuncha gazni qayta ishlash orqali 300 dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi. Foyda ikki barobar ortadi. Boshqa GTL mahsulotlaridan olinadigan qoʻshimcha daromad 576 million dollardan oshadi.
Yana bir muhim jihat – yiliga neft importiga ketadigan 1 milliard dollardan ortiq valyuta tejaladi. Zavod ishga tushgach, 1 ming 300 dan ortiq kishi ish bilan taʼminlanadi.
Prezidentimiz majmua qurilishini koʻzdan kechirdi. Pudratchi va investorlar bilan suhbatlashdi.
Biz har tomonlama mulohaza qilib, 1 milliard dollarlik import oʻrnini toʻldiradigan tarixiy loyihani amalga oshirmoqdamiz. Bu iqtisodiyotimiz barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu paytgacha neft-gaz tarmogʻida bunday nomenklatura yoʻq edi. Bu yerda yoqilgʻi ishlab chiqarib, benzin tannarxini tushirsak, odamlar loyiha samarasini oʻz kundalik hayotida seza boshlaydi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari mutaxassislar, texnika va resurslardan maksimal foydalanib, qurilish-montaj jarayonlarini oqilona muvofiqlashtirish, zavodni ishga tushirishni tezlashtirish, mahsulot ishlab chiqarishni imkon qadar ertaroq yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi. Uni foydalanishga topshirish muddatini qisqartirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berdi.
Ushbu zavod Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasiga yaqin joylashgani umumlashgan infratuzilma obyektlaridan foydalanishda qulaylik yaratadi.
Bu yerda yana bir loyiha – Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining quvvatini 125 ming tonnadan 505 ming tonnagacha oshirish rejalashtirilmoqda. U GTL naftani qayta ishlab, yangi turdagi polietilen va polipropilen ishlab chiqarishni koʻzda tutadi.
Bunday ishlar neft-gaz sohasida birinchi klaster yaratish imkonini beradi. Ushbu korxonalar kelgusida kimyo, avtomobilsozlik, turizm, farmatsevtika, toʻqimachilik va boshqa sohalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Yakkabogʻ tumanida “Sag agro Yakkabogʻ” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilayotgan yongʻoqzor va bodomzorlarni borib koʻrdi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 1 iyundagi “Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori hamda joriy yil yanvar oyidagi Qashqadaryoga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida tumanda “Sag agro Yakkabogʻ” MCHJ tomonidan 25 milliard soʻm mablagʻ evaziga 1 ming 140 gektar maydonda yongʻoqzor va bodomzorlar tashkil etilmoqda. Ayni paytda 700 gektar maydonda yongʻoqning “Chendler”, “Cisco” va bodomning “Avijor”, “Guara” navli koʻchatlari oʻtqazildi. Kelasi yili yana 440 gektar maydonda mazkur daraxt koʻchatlari ekiladi. Yongʻoqzor 4 yilda, bodomzor 3 yilda hosilga kiradi.
Mazkur bogʻ toʻliq barpo etilgach, yiliga 7 ming tonnaga yaqin mahsulot olinadi. 500 kishining bandligi taʼminlanadi. Yetishtirilgan mahsulotning 60 foizini eksportga chiqarish koʻzda tutilmoqda.
Prezidentimiz bogʻda yongʻoq koʻchati oʻtqazdi.
Davlatimiz rahbari mahalliy tabiiy-iqlim sharoitiga mos yongʻoqning serhosil plantatsiyalarini yaratish, hududlarda yongʻoq ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish, ishlab chiqilgan innovatsion texnologiyalarni yongʻoq yetishtirish jarayoniga joriy qilish, yongʻoq koʻchatlarini parvarish qilishga jalb etiladigan agronomlarni yongʻoq plantatsiyalarida agrotexnik tadbirlarni toʻgʻri oʻtkazish boʻyicha oʻqitish uchun maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Qashqadaryo qishloq xoʻjaligi boʻyicha katta salohiyatga ega. Yakkabogʻda ham hosildor yerlar, dehqonchilikni yaxshi biladigan odamlar koʻp. Bundan toʻgʻri foydalanib, bogʻdorchilikni rivojlantirish, aholini ham oziq-ovqat bilan, ham ish bilan taʼminlash mumkin, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois koʻchatxonalar tashkil etish, aholi tomorqalari uchun mevali daraxtlar yetkazib berish zarurligi taʼkidlandi.
Shu yerning oʻzida Qashqadaryo viloyati tumanlaridagi zaxira yer maydonlarida oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan 2019-2020 yillarda pista, achchiq bodom, yongʻoq va chakanda plantatsiyalarini tashkil etish hamda Qamashi davlat oʻrmon xoʻjaligida kurkachilikni rivojlantirish, mamlakatimizdagi oʻrmon xoʻjaliklari va fermer xoʻjaliklarida pista plantatsiyalari barpo qilish, qorakoʻlchilik, uzumchilikni rivojlantirish, “Nasaf agro impeks” MCHJ tomonidan Kitob tumanida zamonaviy intensiv bogʻ tashkil etish loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbariga viloyatda baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik sohasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Prezidentimiz Muborak tumanidagi masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Aziz agro trans fayz” zamonaviy issiqxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Tadbirkor Qobiljon Gʻulomov 2016 yili “Muborak issiqlik elektr markazi” AJ atrofidagi tashlandiq hududdan 2 gektar yer olib, issiqxona barpo etgan edi. Natija kutilganidan ham ziyod boʻldi. 2017 yil 4 gektar, 2018 yil yana 3 gektar yerda issiqxona qurdi.
Tabiiyki, choʻl hududda, oqar suvdan uzoqda moʻl hosil yetishtirish oson emas. Tadbirkor buning ham uddasidan chiqdi. Yaʼni yomgʻir mavsumida 800-1000 tonnalik suv toʻplanadigan hovuzlar qurdi. Toʻplangan suvdan ekinlar tomchilatib sugʻoriladi. Yana bir ahamiyatli tomoni “Muborak issiqlik elektr markazi” AJda ishlab chiqarishda paydo boʻladigan issiq suv ilgari maxsus jarayonda sovitilardi. Ushbu issiq suv quvurlar orqali issiqxonaga tortib kelingan. U issiqxonadagi zarur havo haroratini taʼminlab beradi, sovigach, yana issiqlik korxonasiga qaytariladi. Ayni paytda issiqxonada 100 dan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Kelasi yili issiqxona umumiy maydoni 10 gektarga yetkaziladi. Ish oʻrinlari soni yana koʻpayadi.
Umuman, tuman boʻyicha 60 tadbirkorga 300 gektar yer shu kabi issiqxona qurish uchun ajratilgan. Kelgusida issiqxonalar qurishni yanada kengaytirish koʻzda tutilgan.
Prezidentimiz zamonaviy issiqxona faoliyati bilan tanishdi, ishchilar bilan muloqot qildi.
Mamlakat iqtisodi rivoji, aholi farovonligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadigan bunday issiqxonalar tarmogʻini yanada kengaytirish lozimligi qayd etildi.
Shu yerda Qashqadaryo viloyatida 2019-2020 yillarda issiqxonalar tashkil etish, Chiroqchi tumanida lalmi maydonlarda poliz ekinlari yetishtirishni koʻpaytirish, viloyatda aholi tomorqasidan foydalanishni yaxshilash kabi qator loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2016 yil 21 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan dasturga asosan Qashqadaryo viloyatida yengil sanoat tarmogʻida 10 dan ziyod yirik istiqbolli loyihani amalga oshirish belgilangan. Oʻtgan davrda ularning ayrimlari doirasida ishlar yakunlanib, yangi korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Qarshi shahridagi “Sulton tex group” korxonasi ana shulardan biridir.
Mazkur korxona joylashgan hudud bundan ikki yil muqaddam sobiq paxta zavodiga qarashli qarovsiz yerlar edi. Davlatimiz rahbarining avvalgi tashriflari chogʻida Qashqadaryo viloyatida amalga oshiriladigan yengil sanoat loyihalari qatorida “Sulton tex group” korxonasini barpo etish haqida ham maʼlumot berilgan edi. Asosiy maqsadi paxta tolasini chuqur qayta ishlash orqali tashqi bozorda talab yuqori boʻlgan tayyor toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish boʻlgan mazkur korxona viloyatda yengil sanoat tarmogʻini rivojlantirishda muhim loyihalardan biri boʻladi.
Oʻtgan davrda loyiha uchun Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining 10,4 million dollar krediti va korxona taʼsischisining 6,6 million dollar oʻz mablagʻi yoʻnaltirilib, paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqarish korxonasini qurish boshlab yuborildi. Joriy yil boshida loyihaning dastlabki bosqichi – yiliga 7 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega fabrika ishga tushirildi.
Prezidentimiz viloyatga tashrifi davomida ushbu korxonada boʻlib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Paxta tolali ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxonada Shveysariya va Yaponiyadan keltirilgan eng soʻnggi rusumdagi tozalash, yigirish va oʻrash uskunalari oʻrnatilgan boʻlib, bu yerda 300 ga yaqin ishchi mehnat qilmoqda.
Joriy yilning oʻtgan davrida korxonada 5 ming 800 tonna ip-kalava ishlab chiqarildi. Shundan 12 million dollarlik mahsulot Polsha, Turkiya, Eron, Misr kabi 10 ga yaqin mamlakatga eksport qilinib, 50 milliard soʻmlik mahsulot ichki bozorga yetkazib berildi.
Korxonada tolani tozalashdan tortib, oʻrashgacha boʻlgan barcha jarayon avtomatik tarzda boshqariladi. Laboratoriyada tola va ip sifati qattiq nazoratga olinadi.
Davlatimiz rahbari ushbu laboratoriya faoliyatini ham koʻzdan kechirdi, ishchilar bilan suhbatlashdi. Prezidentimizning tashrifi doirasida loyihaning ikkinchi bosqichi – yiliga 3 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatiga ega toʻquv fabrikasi faoliyatiga start berildi.
Taʼkidlash joizki, umumiy qiymati 53 million dollardan ziyod boʻlgan korxonaning navbatdagi bosqichlarida mato toʻqish, uni boʻyash, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Jumladan, tikuv mahsulotlari va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish fabrikasi 2019 yil yanvar oyida ishga tushiriladi. Ushbu loyihaning qiymati 3 million dollar boʻlib, Yevropaning ilgʻor ishlab chiqarish uskunalari asosida ishlaydi. Fabrika ishga tushishi natijasida 700 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratilib, yiliga 9 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.
Eʼtiborli jihati, bugungi kunda korxonada eng samarali iqtisodiy tizim boʻlgan paxta toʻqimachilik klasteri tashkil qilinib, buning uchun Qarshi tumani hududidan 10 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Paxta yetishtirishdan boshlab, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot qilib sotishgacha boʻlgan jarayon ushbu korxonaning oʻzida amalga oshiriladi. Bu mahsulot tannarxi arzonlashishi va sifat darajasining oshishiga olib keladi, viloyatda jahon bozorida raqobatbardosh tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi.
Shavkat Mirziyoyev korxonaning keyingi bosqichlarini tez va sifatli amalga oshirish, tayyor mahsulot turlarini va eksport geografiyasini yanada kengaytirish, paxta toʻqimachilik klasterini takomillashtirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berdi.
Shu yerda Singapurning “Indorama” kompaniyasi tomonidan Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida paxta toʻqimachilik klasterlari tashkil etish, mamlakatimizning Polsha, Eron, Buyuk Britaniyadagi elchixonalari tomonidan Qashqadaryo viloyatiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qishloq xoʻjaligi, sanoat, xizmat koʻrsatish sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan rejalar taqdimoti oʻtkazildi.
Prezidentimiz 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Qarshi shahrida qurilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining Qarshi filiallari loyihasi bilan tanishib, bu filiallarning tashkil etilishidan maqsad aholiga yanada koʻproq qulaylik yaratish ekanini alohida taʼkidlagan edi.
Qisqa vaqt oraligʻida mazkur loyihalar asosida jadal qurilish ishlari bajarildi, ilgari foydalanilmay turgan hudud tutash joylashgan markaz filiallari atrofi obodonlashtirildi.
Davlatimiz rahbari bu yerda bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, tibbiy asbob-uskunalar, malakali kadrlar taʼminoti, zamonaviy davolash usullari bilan tanishdi.
Filial nafaqat qashqadaryoliklar, balki boshqa viloyatlar va qoʻshni respublikalar aholisi uchun ham xizmat qiladi.
120 oʻrinli Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida reabilitatsiya va yurak ishemik kasalliklari, surunkali yurak yetishmovchiligi va aritmologiya, arterial gipertenziya, rentgen-endovaskulyar jarrohlik, kardiojarrohlik, qabul-diagnostika kabi boʻlimlar, kunlik 100 qatnovga moʻljallangan poliklinika faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Markaz yurak-qon tomir kasalliklariga tashxis qoʻyish va davolash uchun zarur barcha zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlangan.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bu asbob-uskunalardan samarali va toʻgʻri foydalanish nihoyatda muhimdir. Buning uchun zamonaviy tibbiyot ilmini chuqur oʻzlashtirgan, tajribali va oʻz kasbining fidoyi mutaxassislari zarur.
Markazga yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda ilgʻor tajribaga ega, Rossiya, Germaniya kabi davlatlarda tahsil olgan, malaka oshirgan shifokorlar jalb qilingan. Ular oʻz tajribasi va bilimlarini viloyatdagi hamkasblariga ham oʻrgatadi.
Bu yerda koronarografiya, ventrikulografiya, tomirlar angiografiyasi, koronar tomirlarni stentlash, ballonli valvuloplastika, boʻlmachalararo va qorinchalararo toʻsiq nuqsonlarini okklyuder yordamida bartaraf etish, aortakoronar shuntlash, yurak orttirilgan nuqsonlaridan klapanlarni protezlash, aorta va uning shoxlarida, yurak tugʻma nuqsonlarida qilinadigan jarrohlik amaliyotlari bajariladi.
Shu kungacha hududda endokrinologiya xizmatini koʻrsatadigan bosh muassasa – viloyat endokrinologiya dispanseri boʻlib, u 1980 yilda tashkil etilgan, ishlash tizimi hamon eskicha edi.
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali 150 oʻringa moʻljallangan boʻlib, endokrinologik kasallikka chalingan bemorlar endi shu yerda davolanadi. Diabetik nefropatiya, umumiy endokrinologiya va bolalar, qalqonsimon bez kasalliklari va endokrin jarrohlik, diabetik toʻpiq jarrohligi, laboratoriya-diagnostika kabi boʻlimlarni, 50 qatnovga moʻljallangan poliklinikani oʻz ichiga olgan markazda yiliga 700-800 jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi koʻzda tutilmoqda.
Filialni malakali mutaxassislar bilan taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Ikki nafar shifokor xorijda malaka oshirib qaytdi. Bu yerda amalga oshirilgan asosiy yangiliklardan biri Diabet maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyilganidir. Maktabda malakali hamshiralar qandli diabetga chalingan bemorlarga oʻz-oʻzini nazorat qilish, kasallikning kelib chiqish omillari, uning oldini olish yoʻllari, bolalarga esa non birligiga asosan toʻgʻri ovqatlanish tartibi oʻrgatiladi.
Shavkat Mirziyoyev mazkur tibbiyot muassasalariga malakali mutaxassislarni jalb qilish, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish qamrovi va sifatini yanada oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Qarshi shahridagi ushbu filiallar boshqa viloyatlarga namuna boʻlishi kerak. Buning uchun, avvalo, aholining tibbiy madaniyatini oshirish zarur. Asosiy maqsadimizdan biri – xalqimizga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish. Buning uchun biz barcha imkoniyatimizni safarbar etamiz. Toki bu islohotlarimiz samarasini xalqimiz bugun, kundalik hayotida sezsin, dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda.