Joriy yil 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik“ deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Loyihasi Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi.
Rezolyutsiyaning qabul qilinishi 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi boʻldi.
Davlatimiz rahbari BMT yuksak minbarida turib soʻzlar ekan, Oʻzbekiston tomonidan taklif etilgan rezolyutsiyaning asosiy maqsadi “barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga koʻmaklashishdan iborat“ ekanini qayd etdi. Hujjat “bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslikka koʻmaklashish“ga qaratilgan.
Ushbu tashabbusni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi qator boshqa idoralar bilan hamkorlikda rezolyutsiya loyihasi matnini ishlab chiqish va uni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo barcha davlatlar bilan kelishish boʻyicha tizimli ishlar olib bordi.
Mamlakatimizning Nyu-York shahridagi Doimiy vakolatxonasidan maʼlum qilishlaricha, BMTga aʼzo davlatlar bilan ushbu hujjat loyihasiga doir koʻplab va har tomonlama muzokaralar yakunlari boʻyicha 12 dekabr kuni Prezidentimizning tashabbusi hayotga tatbiq etildi. BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisi davomida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik“ rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Mazkur rezolyutsiya nafaqat BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlangani, balki Shimoliy Amerika va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qitʼalarning 50 dan ziyod mamlakati bilan hammualliflikda qabul qilingani eʼtiborga molik. Bu xalqaro hamjamiyat tomonidan Oʻzbekiston rahbari tashabbusining dolzarbligi va oʻz vaqtida ilgari surilgan taklif ekanining yuksak eʼtirofidan dalolatdir.
Hammualliflar qatorida Ozarbayjon, Jazoir, Bahrayn, Belarus, Gana, Misr, Hindiston, Qozogʻiston, Kanada, Qatar, Qirgʻiziston, Livan, Marokash, BAA, Oʻmon, Pokiston, Koreya Respublikasi, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Sudan, Tojikiston, Tailand, Tunis, Turkmaniston, Filippin, Yaponiya va boshqa davlatlarni qayd etish joiz.
Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyutsiyada maʼrifatparvarlik gʻoyasini ilgari surish qayd etilib, sayyoramizda xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash yoʻlidagi integratsiya, oʻzaro hurmat, inson huquqlari himoyasi, murosa va oʻzaro anglashuvning nechogʻli muhimligi eʼtirof etiladi.
Hujjatda dinlar, madaniyatlar va konfessiyalararo munosabatlardagi uygʻunlikni ragʻbatlantirish hamda ayrim shaxslarga nisbatan din va eʼtiqodlar zamiridagi kamsitishlarga yoʻl qoʻyilishiga qarshi kurashishga qaratilgan barcha xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanadi.
Eʼtiborga loyiq jihati shundaki, ushbu hujjat barcha aʼzo davlatlarning fikr, vijdon, din yoki eʼtiqod erkinligini himoya qilish va ragʻbatlantirishga doir saʼy-harakatlarini faollashtirish va shu asosda:
a) butun jamiyatda turli din va eʼtiqodlar, ularning yurisdiksiyasi doirasida amal qiluvchi turfa diniy ozchiliklar tarixi, anʼanalari, tili va madaniyati haqida yanada keng bilimlarni targʻib qilish orqali taʼlim va boshqa vositalar yordamida din va eʼtiqod erkinligiga doir barcha masalalarda oʻzaro anglashuv, bagʻrikenglik, kamsitishga yoʻl qoʻymaslik borasidagi saʼy-harakatlar va hurmatni ragʻbatlantirish;
b) milliy va xalqaro darajada madaniyatlararo hamkorlik va tinchlik oʻrnatishga qaratilgan faoliyatning turli koʻrinishlarini qoʻllab-quvvatlash;
v) ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga undaydi.
Taʼkidlash joizki, rezolyutsiyaning maqsad va mazmuni BMT doirasida qabul qilingan muhim hujjatlar, jumladan, BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, 2030 yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari, Din yoki eʼtiqodlar zamiridagi murosasizlik va kamsitishlarning barcha shakllarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi deklaratsiya, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining mavzuga doir anʼanaviy rezolyutsiyalari q
oidalariga toʻliq mos keladi.
Ayni paytda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan hujjatda aʼzo davlatlarga milliy va xalqaro OAVlar, jumladan, Internet tarmogʻida keng koʻlamli targʻibot ishlarini yoʻlga qoʻyish, bagʻrikenglik, zoʻravonlikka barham berish hamda din va eʼtiqod erkinligiga doir maʼrifiy axborot tarqatish kabi tegishli kommunikatsion strategiyani joriy etish taklif qilinmoqda.
Ushbu hujjat inson huquqlari, turfa din va eʼtiqodlarni hurmat qilish asnosida barcha darajada bagʻrikenglik va tinchlik madaniyatini ragʻbatlantirish maqsadida global muloqotga koʻmaklashishga doir xalqaro saʼy-harakatlarni faollashtirishga undashini qayd etish lozim.
Bundan tashqari, rezolyutsiyada taʼlim, ilm-fan, madaniyat vositasida millatlararo hamkorlikni kengaytirish orqali YUNЕSKOning dunyoda tinchlik va xavfsizlik oʻrnatishdagi muhim roli eʼtirof etiladi.
Oʻzbekiston rezolyutsiyasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida BMT Bosh Assambleyasi majlisida Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Marokash, Oʻmon, Ozarbayjon, Panama, Yevropa Ittifoqi, boshqa qator davlatlar delegatsiyalari soʻzga chiqib, Oʻzbekistonga oʻta muhim va oʻz vaqtida ilgari surilgan tashabbus, shuningdek, uning matnini kelishish boʻyicha norasmiy maslahatlashuvlar chogʻida bildirilgan ochiqlik uchun minnatdorlik izhor qildi.
BMT Bosh Assambleyasi mazkur rezolyutsiyaning bir ovozdan qabul qilinishi Prezidentimizning turli millat va konfessiyalar oʻrtasida hamkorlik, oʻzaro hurmat va birdamlik muhitini mustahkamlash, konfessiyalar, millatlar va madaniyatlararo muloqotni qoʻllab-quvvatlash va asrash, yurtimizda tinchlik va totuvlikni taʼminlashga qaratilgan izchil va puxta oʻylangan strategiyasi xalqaro hamjamiyat tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlanayotganining yaqqol dalilidir.