Shavkat Mirziyoyev: Amalga oshirilayotgan ishlarimizdan maqsad xalqimizni boy qilish

Prezidentimiz Yakkabogʻ tumanida “Sag agro Yakkabogʻ” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilayotgan yongʻoqzor va bodomzorlarni borib koʻrdi. 
photo5229094521235679785.jpg
Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, ayniqsa, lalmi yer maydonlaridan foydalanishni ragʻbatlantirish va samaradorligini yanada oshirish, eksportbop yongʻoq ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hisobiga zamonaviy yongʻoq plantatsiyalarini barpo qilish hamda yongʻoq yetishtirish boʻyicha ilmiy asoslangan usullar va intensiv texnologiyalarni keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 1 iyundagi “Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori hamda Prezidentimizning joriy yil yanvar oyidagi Qashqadaryoga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida tumanda “Sag agro Yakkabogʻ” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 25 milliard soʻm mablagʻ evaziga 1140 gektar maydonda yongʻoqzor va bodomzorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Ayni paytda 700 gektar maydonda yongʻoqning “Chendler”, “Cisco” va bodomning “Avijor”, “Guara” navli koʻchatlari oʻtqazildi. Kelgusi yil yana 440 gektar maydonda mazkur daraxt koʻchatlari ekiladi. Yongʻoqzor 4 yilda, bodomzor 3 yilda hosilga kiradi.
Mazkur bogʻ toʻliq barpo etilgach yiliga 7 ming tonnaga yaqin mahsulot olinadi. 500 nafar mahalliy aholining bandligi taʼminlanadi. Yetishtirilgan mahsulotning 60 foizini eksportga chiqarish koʻzda tutilmoqda. Korxona kelajakda faoliyatini kengaytirish va eksport hajmini oshirishni rejalashtirgan.
photo5229094521235679782.jpg
Prezidentimiz bu yerga yongʻoq koʻchati oʻtqazdi. 
Davlatimiz rahbari mahalliy tabiiy-iqlim sharoitlarga mos yongʻoqning serhosil plantatsiyalarini yaratish, hududlarda yongʻoq ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish, ishlab chiqilgan innovatsion texnologiyalarni yongʻoq yetishtirish jarayoniga joriy qilish, yongʻoq koʻchatlarini parvarish qilishga jalb etiladigan agronomlarni yongʻoq plantatsiyalarida agrotexnik tadbirlarni toʻgʻri oʻtkazish boʻyicha oʻqitish uchun maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Shu yerning oʻzida Qashqadaryo viloyati tumanlaridagi zaxira yer maydonlarida oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan 2019-2020 yillarda pista, achchiq bodom, yongʻoq va chakanda (oblipexa) plantatsiyalarini tashkil etish hamda Qamashi davlat oʻrmon xoʻjaligida kurkachilikni rivojlantirish, mamlakatimizdagi oʻrmon xoʻjaliklari va fermer xoʻjaliklarida pista plantatsiyalari barpo qilish, qorakoʻlchilik, uzumchilikni rivojlantirish, “Nasaf agro impeks” MCHJ tomonidan Kitob tumanida zamonaviy intensiv bogʻ tashkil etish loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbariga viloyatda baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik sohasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar haqida maʼlumot berildi.
photo5229094521235679784.jpg
photo5229094521235679786.jpg

 

Umar Asrorov, Aʼlo Abdullayev (surat), OʻzA