Prezidentimiz Muborak tumanidagi masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Aziz agro trans fayz” zamonaviy issiqxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Tadbirkor Qobiljon Gʻulomov 2016 yil “Muborak issiqlik elektr markazi” AJ atrofidagi tashlandiq hududdan 2 gektar yer olib issiqxona barpo etgan edi. Natija kutilganidan ham ziyod boʻldi. 2017 yil 4 gektar, 2018 yil yana 3 gektar yerda issiqxona qurdi.
Bu yil tadbirkor issiqxonada yetishtirilayotgan pomidor, bodring kabi mahsulotlarning asosiy qismini eksport qilib, 550 ming dollardan ortiq foyda qilishni rejalashtirgan.
Tabiiyki, choʻl hududda, oqar suvdan uzoqda moʻl hosil yetishtirish oson emas. Tadbirkor buning ham uddasidan chiqdi. Yaʼni yomgʻir mavsumida 800-1000 tonnalik suv toʻplanadigan hovuzlar qurdi. Toʻplangan suvdan ekinlar tomchilatib sugʻoriladi. Yana bir ahamiyatli tomoni “Muborak issiqlik elektr markazi” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarishda paydo boʻladigan issiqlik avvallari maxsus jarayonda sovitilardi. Ushbu issiq suv quvurlar orqali issiqxonaga tortib kelingan. U issiqxonadagi zarur havo haroratini taʼminlab beradi, sovigach yana issiqlik korxonasiga qaytariladi. Demak, bundan ikkala tomon ham manfaatdor. Ayni paytda issiqxonada 100 dan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Kelgusi yilda issiqxona umumiy maydoni 10 gektarga yetkaziladi. Ish oʻrinlari soni yana koʻpayadi.
Umuman, tuman boʻyicha 60 tadbirkorga 300 gektar yer shu kabi issiqxona qurish uchun ajratilgan. Kelgusida issiqxonalar qurishni yanada kengaytirish koʻzda tutilgan. Bu yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.
Prezidentimiz zamonaviy issiqxona faoliyati bilan tanishdi, ishchilar bilan muloqot qildi.
Mamlakat iqtisodi rivoji, aholi farovonligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadigan bunday issiqxonalar tarmogʻini yana-da kengaytirish lozimligi qayd etildi.
Shu yerda Qashqadaryo viloyatida 2019-2020 yillarda issiqxonalar tashkil etish, Chiroqchi tumanida lalmi maydonlarda poliz ekinlarini koʻpaytirish, viloyatda aholi tomorqalaridan foydalanishni yaxshilash kabi qator loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.