Xalqaro mehnat tashkilotining bosh direktori, janob Gay Rayder boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonga yetib keldi
Toshkentda boʻlib oʻtadigan “Mehnat sohasi istiqboli: Xalqaro mehnat tashkilotining 100 yilligi arafasida munosib bandlikni taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya munosabati bilan bugun 13 dekabr kuni Xalqaro mehnat tashkilotining bosh direktori, janob Gay Rayder boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonga yetib keldi.
Delegatsiya tarkibidan Gay Rayder bilan birga, XMTning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari Mintaqaviy byurosi direktori Xayns Kyoller, XMTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari Byurosi direktori Olga Kulayeva, bandlik masalalari boʻyicha XMT byurosi bosh mutaxassisi Mixail Pushkin, XMT bosh direktori maslahatchisi Odri Espozito, ish beruvchilar faoliyati boʻyicha XMT byurosi bosh mutaxassisi Vladimir Churovich, mehnat qiluvchilar faoliyati boʻyicha XMT byurosi mutaxassisi Gocha Aleksandriya, ijtimoiy himoya boʻyicha XMT byurosi mutaxassisi Yasmina Papa singari xorijiy ekspertlar oʻrin olgan.
Delegatsiya Islom Karimov nomidagi Toshkent Xalqaro aeroportida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining raisi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov tomonidan kutib olindi.
Taʼkidlash oʻrinliki, bu XMT bosh direktori Gay Rayderning Markaziy Osiyo mintaqasiga ilk tashrifi hisoblanadi.
Tashrif doirasida delegatsiya joriy yilning 14 dekabr kuni Tashkent Hyatt Regency mehmonxonasida oʻtkaziladigan xalqaro konferensiyada ishtirok etadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari, Tashqi ishlar vazirliklari, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi rahbarlari bilan uchrashib, muzokaralar oʻtkazadi. Shuningdek, delegatsiyaning Samarqandga tashrifi rejalashtirilgan.
XMT bosh direktori boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekistonga tashrifi va poytaxtda shunday yuqori maqomda tadbir oʻtkazilishi mehnat va bandlik sohasi boʻyicha erishilgan soʻnggi davrdagi yutuqlar natijasidir. Xususan, joriy yilda AQSH Mehnat vazirligi Oʻzbekistonni paxta yetishtirish va terib olishda bolalar mehnatidan foydalanuvchi mamlakatlar roʻyxatidan chiqardi, XMTning dastlabki hisobotida esa majburiy mehnatga qarshi kurashishda Oʻzbekistonda salmoqli yuksalishlar kuzatilgani qayd etildi.
OʻzA