Konsullik ustavi tasdiqlandi

Konsullik mansabdor shaxsining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi belgilanmoqda, uning faoliyati samaradorligini baholash mezonlari joriy etilmoqda.
Oliy Majlis Senatida “Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni koʻrib chiqildi.
Konsullik ustavi GFR, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Janubiy Koreya, MDH mamlakatlari kabi xorijiy mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
Hujjatda xorijda mamlakatimiz manfaatlarini, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha konsullik muassasalarining asosiy vazifalari mustahkamlanmoqda.
Hujjatda fuqarolar va yuridik shaxslar huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jumladan, konsullik okrugi hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan fuqarolarga koʻmaklashish, saylov huquqlarini amalga oshirishda koʻmaklashish, shaxsni tasdiqlovchi hujjatni yoʻqotganda koʻmaklashish boʻyicha konsul funksiyalari kengaytirilmoqda.
Konsullik mansabdor shaxsining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi belgilanmoqda, uning faoliyati samaradorligini baholash mezonlari joriy etilmoqda. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda xizmatlar koʻrsatish, masalan, viza soʻrovnomalari, hujjatlarni talab qilib olish uchun arizalar berish, konsullik hisobiga olish kabi xizmatlar koʻrsatishga doir konsullik funksiyalari mustahkamlanmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

OʻzA