2018-yil 10-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlis kun tartibiga mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari kiritilgan boʻlsa-da, lekin yigʻilish avvalida asosiy bahs-munozaralar 2019-yilga moʻljallangan byudjet-soliq siyosati Konsepsiyasi ustida kechishi ayon boʻldi.

Tarkib topgan anʼanaga koʻra, majlis arafasida kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yigʻilishlarida dastlabki tarzda muhokama qilinganda ham deputatlar “2019-yilgi byudjet-soliq siyosati Konsepsiyasi va 2020-2021 yillarga prognoz moʻljallari qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi xususida qator oʻrinli eʼtirozlarini bildirdilar.

Qayd etilganidek, mazkur loyiha 2019-yilgi byudjet va soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari Konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, Byudjet kodeksi, Soliq kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishini nazarda tutadi. Qonun loyihasi 2019-reja yiliga byudjet siyosati Konsepsiyasi va 2020-2021 yillar prognoz moʻljallarini amalga oshirish maqsadida qonunchilikdagi ayrim normalarning aniq qoʻllanilishi, byudjetlararo munosabatlar va soliqqa tortish sohasidagi alohida masalalarini tartibga solishning zarur huquqiy sharoitlarini yaratishi lozim edi.

Biroq ushbu qonun loyihasi parlament quyi palatasining qoʻmitalari, fraksiyalarida boʻlib oʻtgan muhokamalarda deputatlarning bir qator savol va eʼtirozlarini keltirib chiqardi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Reglamentiga koʻra, Byudjetnoma tasdiqlangandan keyin u bilan bogʻliq boʻlgan byudjet-soliq siyosati haqidagi qonun loyihasi Hukumat tomonidan parlament quyi palatasiga kiritilishi, palata qoʻmitalari hamda fraksiyalarida keng muhokama etilishi va qabul qilingach, 10 kun ichida Senatga yuborilishi kerak. Deputatlar majlisda, avvalo, Vazirlar Mahkamasi tomonidan mazkur oʻta murakkab va muhim qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga juda kechiktirib kiritilganiga eʼtiroz bildirdilar.

Bundan tashqari, Prezidentimiz qabul qilinayotgan qonunlar toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi, unda havolaki normalar mutlaqo boʻlmasligi lozimligi haqida bot-bot takrorlab kelayotgan bir paytda mazkur qonun loyihasida koʻplab havolaki normaning mavjudligi deputatlarning eʼtiroziga sabab boʻldi.

Shuningdek, parlament vakillarining taʼkidlashicha, loyihaning 71-moddasida xronometraj oʻrganish, yaʼni tadbirkorlik subyektlarining naqd pul tushumi, ishlab chiqarish hajmi, tovar (ish, xizmat) realizatsiyasi xronometraji oʻtkazilayotgan davrda tushumlarning haqiqiy hajmini aniqlash maqsadida tovar (ish, xizmat)larni haqiqiy realizatsiya hajmlarini aniqlashga doir soliq tekshiruvi soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash uchun asos boʻlishi qonunan belgilanayotgani amaliyotda bir qator muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Sababi, aksariyat ishlab chiqarish hajmi, tovar (ish, xizmat) realizatsiyasida mavsumiy holatlar mavjud boʻlib, xronometraj oʻrganish koʻp hollarda tushum koʻpaygan – mavsum ayni qizigan paytlarda oʻtkaziladi. Masalan, salqin ichimliklar bilan savdo qiladigan tadbirkorlik subyektlari va ishlab chiqarishlar – yoz jaziramasida, farmatsevtika firmalari – qish chillasida xronometraj qilinishi tadbirkorlik subyekti egasiga nisbatan adolatdan boʻladimi? Holbuki, tabiiy sharoit, yaʼni “oʻlik” mavsumlarda tadbirkorlik subyektlarining tushumi kamayadi. Mazkur qonun loyihasida esa soliq toʻlovchida tovar (ish xizmat)lar realizatsiyasidan foyda kamayishi yuzaga kelgan hollarda bu harakat soliq toʻlashdan boʻyin tovlaganlik sifatida tasniflanishi belgilanayotgani deputatlarda eʼtiroz uygʻotdi. Vaholanki, bunga boshqa qator obyektiv va subyektiv omillar ham sabab boʻlishi mumkinligi qayd etildi.

Shuningdek, parlament vakillari mazkur qonun loyihasi bilan soliq toʻlovchilarni mavzuli va ekspress-oʻrganishlar tartibi oʻrnatilayotgani haqida ham shunday mulohaza bildirdilar. Ularning fikricha, mamlakatimizda qonunchilikni bosqichma-bosqich liberallashtirib, tadbirkorga kengroq imkoniyat va erkinlik yaratilayotgan bir paytda mazmun-mohiyati tekshiruvdan boshqa narsa boʻlmayapti, lekin yangicha nomlangan normalarning “kashf” qilinishidan kim naf topadi? Bu kabi oʻrganishlarning joriy qilinishi tadbirkorlarning vaqtini olib, ish samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, xolos.

Muhokamalarda qonun loyihasida belgilangan yana bir norma – hisobga olish, mavjud maʼlumotlar qonuniylik darajasini oshirish va oʻrganish orqali maʼlumotlar bazasini shakllantirish maqsadida davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq toʻlovchilar haqidagi ishonchli maʼlumotlarni toʻplash maqsadida oʻtkaziladigan soliq toʻlovchilarni pasportlashtirish – qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq toʻlovchining hududini, bino va inshootlarini, mol-mulkini oʻrganish hamda bu jarayonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari jalb etilishi mumkinligi ham keskin bahs-munozara keltirib chiqardi.

Deputatlar eʼtiroz bildirganidek, axir bu oddiy, kundalik jarayon boʻlishi kerak emasmi? Shunchaki roʻyxatga olish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili nega kerak boʻlib qoldi? Biz fuqarolik jamiyati qurishni targʻib qilayotgan bir paytda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi – mahalla bosh-qosh boʻlishi kerak boʻlgan mahalla hududida ham faollarning oʻzi roʻyxatni tuzmasa toʻgʻri boʻlarmikan? Bu yurtimiz uchun noyob boʻlgan mahalla instituti nufuzini tushirib yubormaydimi?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-dekabrdagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini oshirish, mahalliy byudjetlarga tushumlarning toʻliqligini taʼminlash boʻyicha soliq va moliya organlari javobgarligini kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida mahalliy byudjetlarning daromadini koʻpaytirish, orttirilgan qoʻshimcha daromadlarni mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini kuchaytirish hamda hududlarni rivojlantirishga yoʻnaltirish koʻzda tutilgan edi. Qonun loyihasida esa mahalliy byudjetlarning daromadini hududlarning oʻzida qoldirish masalasi birmuncha mavhum qoldirilgani ham deputatlar eʼtiborini tortdi.

Umuman, yigʻilishda Hukumat tomonidan kiritilgan ushbu qonun loyihasi qizgʻin muhokamalarga, eʼtirozlarga olib keldi. Keskin bahs-munozaralar, savol-javoblar boʻlib oʻtdi.

Muhokamalar yakuniga koʻra, deputatlar tomonidan qonun loyihasi muhokamasini kechiktirish, Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasiga esa ushbu loyiha boʻyicha masʼul boʻlgan Hukumat aʼzolarini, manfaatdor vazirlik va idoralarning mutaxassislarini jalb etib, loyiha ustida jiddiy ishlashni davom ettirish, barcha deputatlarning taklif va tanqidlarini eʼtiborga olgan holda, kelgusi yalpi majlis muhokamasiga kiritish taklif qilindi.

Ushbu taklif bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi.

Shuningdek, majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatlariga doir boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi
Matbuot xizmati