Oʻzbekiston tashabbusi Afgʻoniston uchun juda muhim!

AQSHning Afgʻonistondagi yarashish masalalari boʻyicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod Prezidentimiz bilan oʻtkazilgan muzokara va Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishga oid dolzarb masalalar haqida quyidagilarni soʻzlab berdi:

– Avvalambor, Oʻzbekistonga kelganim va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashganimdan gʻoyat mamnun ekanimni alohida taʼkidlashni istardim. Muloqotda AQSH – Oʻzbekiston hamkorlik aloqalari va sheriklik munosabatlari, mamlakatingizning keng koʻlamli islohotlar jarayonida erishayotgan yutuqlari, shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdik.

Biz, shuningdek, Afgʻonistonga oid masalalar xususida ham suhbatlashdik. Missiyam afgʻon muammosini tinch yoʻl bilan hal etishni qoʻllab-quvvatlash va Afgʻonistonni Markaziy Osiyoga integratsiyalashtirish, uning yangidan xalqaro terrorizmga zamin boʻlishiga yoʻl qoʻymaslikdan iborat.

Joriy yilda Toshkentda oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiya bu borada juda yaxshi tashabbusdir. Mazkur tashabbusning samarasi shuki, hozirgi kunda qirq yildan buyon davom etayotgan afgʻon urushini tinch yoʻl bilan hal etish masalasi dunyoda faol muhokama etilmoqda.

Afgʻoniston hukumati muammoga harbiy yechim yoʻqligi, siyosiy kelishuvga erishish lozimligini taʼkidlaydi. Toliblar ham shunday fikrda. Xalqaro hamjamiyat, xususan, AQSH bu qarashni qoʻllab-quvvatlaydi.

Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbus Afgʻoniston uchun juda muhim. Afgʻoniston hukumati va “Tolibon” sulhga erishishida nafaqat AQSH va Oʻzbekiston, balki boshqa davlatlar, xususan, mintaqa mamlakatlari birgalikda saʼy-harakat qilishi lozim.

 

M.Elmurodov,OʻzA