Xorijda Oʻzbekiston bilan hamkorlikda  birinchi institut tashkil etiladigan boʻldi

2019 yilda Minsk shahrida amaliy mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan Oʻzbek-belorus qoʻshma instituti ochiladi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining Belorussiya davlatiga ishchi tashrifi davomida bu borada shartnoma imzolandi, deb xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.
Amaliy mutaxassisliklar instituti Belorussiya milliy texnika universiteti bazasida tashkil etilib, yangi institutda asosan iqtisodiyotning real sektorlarida talab yuqori boʻlgan malakali ishchi mutaxassislarni tayyorlashga alohida eʼtibor beriladi.
7.jpg
Qoʻshma institutga ikkala davlat fuqarolarini kelgusi oʻquv yilidan boshlab talabalikka qabul qilish rejalashtirilgan. Institutda oʻquv jarayoni xalqaro standartlar asosida Oʻzbekiston va Belorussiya davlat oʻquv rejalariga tayangan holda olib boriladi. Shuningdek, yangi institut bazasida hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan qoʻshma markaz tashkil etiladi.
Belorussiya milliy texnika universiteti qoshidagi “Politexnik” ilmiy-texnik parkida Inomjon Majidov beloruslik hamkasbi Igor Karpenko bilan uchrashdi. Muloqot davomida oʻzaro hamkorlik masalalari koʻrib chiqilib, uchrashuv yakunida ikki vazirlik oʻrtasida tuzilgan Bitimni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolandi.
Muzokaralarda Belorussiya tomoni bilan qurilish, avtoservis va jamoat ovqatlanishini tashkil etish kabi bugungi kunda jamiyatimizda talab yuqori boʻlgan sohalarda malakali kadrlar tayyorlash, koʻp tarmoqli resurs markazlarini yaratish borasida hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.
Inomjon Majidov Belorus davlat informatika va radioelektronika universitetiga ham tashrif buyurib, bu yerda tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar bilan uchrashdi. Vazir universitetda taʼlim olayotgan yoshlar bilan muloqot qilib,ularning oʻqishi va yashash sharoiti bilan tanishdi.
Bugungi kunda ushbu universitetda 80 nafar yurtimiz yoshlari tahsil olmoqda, ulardan 62 nafari 1 bosqichda oʻqiydi. Talaba-yoshlar vazir bilan muloqotda Toshkentda anʼanaviy tashkil etiladigan xalqaro taʼlim koʻrgazmalari xorijiy oliy taʼlim muassasalari haqida maʼlumot olish imkonini berayotganini eʼtirof etishdi.
Tashrif doirasida mamlakatimiz delegatsiyasining Akademik M.S.Vыsoskiy nomidagi Minsk davlat avtomexanika kolleji, Belorussiya davlat informatika va radioelektronika universiteti, kasbiy rivojlantirish innovatsiya markazi – informatika va radioelektronika biznes-inkubatori, M.Tank nomidagi Belorussiya davlat pedagogika universiteti hamda Talabalar shaharchasiga borishi rejalashtirilgan.

 

O’zA