TATU Nukus filiali jamoasi dasturlash boʻyicha chempionat gʻolibi boʻldi

Toshkent shahrida oʻtkazilgan dasturlash boʻyicha Wincode chempionatining final bosqichi oʻz yakuniga yetdi.
photo5206542146180589923.jpg
Chempionat “Jamoaviy veb-dasturlash” va “Biznesga yoʻnaltirilgan masalalarni yechishda 1S freymvorkidan foydalanish” yoʻnalishlari boʻyicha saralash va final bosqichlarida oʻtkazildi.
Saralash bahslarida “Jamoaviy veb-dasturlash” yoʻnalishida Oʻzbekistonga bagʻishlangan sayt-vizitka yaratish vazifasi berildi. Topshiriq shartlariga koʻra, sayt Mobile First tamoyillari asosida va eng ilgʻor SEO-usullarini qoʻllagan holda tayyorlangan boʻlishi, Oʻzbekistonga tashrif buyurish va sayohat qilish istagini uygʻota olishi kerak edi.
“Biznesga yoʻnaltirilgan masalalarni yechishda 1S freymvorkidan foydalanish” yoʻnalishida turlar boʻyicha arizalarni boshqarish tizimini yaratish topshirigʻi bajarildi.
Saralash bosqichida berilgan topshiriqni bajarish uchun 37 ta ariza kelib tushgan boʻlsa, ulardan 12 tasi final bosqichiga yoʻl oldi.
Final bosqichida ishtirokchilarga kompyuterni oʻqitish, ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarni tahlil qilish va qayta ishlash uchun sunʼiy aql texnologiyalaridan foydalanish taklif etildi.
Ishtirokchilarga aniq vazifa qoʻyilmadi, faqatgina yoʻnalish berildi. Jamoalar oʻzlari 24 soat ichida qiziqarli gʻoya oʻylab topishlari va uni ishlab chiqishlari kerak edi. Gʻoyaning innovatsionligi, yechimning tugalligi va loyihani samarali taqdim eta olish qobiliyati baholandi.
Musobaqa yakunida Telegram messenjerida xabarning “kayfiyatini” aniqlaydigan va tahlil qiladigan, shuningdek, yirik guruhlar va kanallar boshqaruvi uchun juda qulay boʻlgan chat-bot yaratgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Nukus filiali jamoasi gʻolib deb topildi. Gʻolib 10 million soʻmga ega boʻldi.

 

OʻzA