Farzandlarimizni Jaloliddin Manguberdi kabi bobolarimizga munosib tarbiyalashimiz kerak

Vatan ozodligi yoʻlida jonini fido qilgan dovyurak sarkarda Jaloliddin Manguberdi jasorati unutilmasdir. Uning sinmas irodasi, qudratiga gʻanimlar ham tahsin aytgan. Xorazmshohlar davlatining soʻnggi vakili boʻlgan sarkardaning favqulodda iqtidori, buyuk jasoratiga hali-hamon jahon ahli hayrat bilan qaraydi. U haqda minglab maqolalar, kitoblar yozildi, qoʻshiqlar kuylandi. Bugun bobomizning sharafli nomi xalqimiz qalbida ulugʻlanadi. Mamlakatimizda koʻcha va xiyobonlarga sarkarda nomi berilran, “Jaloliddin Manguberdi” ordeni taʼsis etilgan, Urganch shahrida mahobatli haykali oʻrnatilgan.

Prezidentimiz 30-noyabr kuni Urganch shahar markazidagi Al-Xorazmiy va Pahlavon Mahmud koʻchalari kesishmasida bunyod etiladigan memorial bogʻ yaratish loyihasi bilan tanishdi.

Jaloliddin Manguberdi haykali buyuk bobomizning jasorati va shonu shavkatiga mos mahobatli boʻlishi, uning atrofidan nur taralib turishi kerakligini taʼkidladi.

– Bu maydonda tariximiz namoyon boʻlishi, u Xorazmning “tashrif qogʻozi”ga aylanishi kerak. Shuning uchun tarixchi olimlar bilan maslahatlashib, maydonni chuqur mazmunli, chiroyli, jozibali qilish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shahar qiyofasi tubdan oʻzgarmoqda. Tarixiy va zamonaviy anʼanalar uygʻunligida yangi binolar, uy-joylar barpo etilmoqda. Aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda buyuk ajdodlarimiz merosini abadiylashtirish, ulardan meros xislatlarni yoshlarimiz ongiga ham singdirish, ular qalbida vatanparvarlik hissini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

– Farzandlarimizga Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi buyuk bobokalonlarimizga munosib qilib tarbiyalashimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning uchun ularga tarixni oʻrgatishimiz, maʼnaviyatli qilib tarbiyalashimiz kerak.

Shu yerda Xorazm viloyatida ichimlik suvi taʼminotini, avtotransport sohasini, koʻp xonadonli uy-joy fondini saqlash va boshqarish kabi qator loyihalar boʻyicha ham maʼlumot berildi.

 

Ziyodulla Jonibekov, OʻzA