Ertaga 1 dekabrdan internet tezligi rasman 10 baravarga oshadi

ONLAYN:Joriy yilgi qish fasli yaxshi xabarlar bilan boshlanmoqda. Saytimiz orqali avval xabar berganimizdek, 2018 yil 1 dekabrdan mamlakatimizda internet tezligi sezilarli darajada oshiriladi. Bu haqda ayni daqiqalarda davom etayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan telekommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, internet tezligini oshirish masalasiga bagʻishlangan anjumanda aytib oʻtildi.
Vazirlik mutasaddilarining jurnalistlarga maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʻining ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbektelekom” AK xodimlari tomonidan mavjud infratuzilmalarning tizimli tahlili oʻtkazildi va tarmoqni sifatli qayta tashkil etish qarori qabul qilindi hamda texnik qurilmalarni evolyutsion yangilash rejasi batafsil ishlab chiqildi.
“Oʻzbektelekom” AK tomonidan “Xalqaro paketli kommutatsiya markazlari va maʼlumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish” loyihasi doirasida Xalqaro paketli kommutatsiya markazi komplekslari modernizatsiya qilindi va shu tariqa XPKM komplekslarining umumiy oʻtkazish qobiliyati 10 baravar: oʻzgartirilgan trafigi 110 Gbit/s.dan 1200 Gbit/s.gacha oʻsdi.

 

OʻzA