26 noyabrda boshlangan Mudofaa vazirligi qoʻshinlarini qoʻqqisdan majmuaviy tekshirishning uchinchi bosqichida harbiy okruglarning birlashgan guruhlari mamlakat hududini himoya qilish boʻyicha oʻquv-jangovar vazifalarni bajardi.
Shu kuni qoʻshinlar alohida yoʻnalishdagi mudofaa chizigʻini kengaytirish maqsadida mamlakat hududiga kirgan shartli noqonuniy kuch tuzilmalari va qoʻporuvchi guruhlarni qidirish hamda yoʻq qilish boʻyicha kompleks amaliy mashgʻulotlarda qatnashdi.
Barcha mashgʻulotlar, oʻquv joylari real jang sharoitiga yaqinlashtirilgan holda olib borilib, koʻnikmalar mustahkamlandi. Maxsus taktik oʻquvlar “Termez”, “Shoʻrsu”, “Kattaqoʻrgʻon”, “Nukus” hamda “Forish” poligonlarida shiddat bilan oʻtkazildi.
Tekshiruv rejasiga koʻra, Mudofaa vazirligining razvedka, maxsus va desant-shturm boʻlinmalari shaxsiy tarkibi harbiy-transport aviatsiyasiga qarashli samolyotlar, shturm va qoʻnish imkoniyatiga ega Harbiy havo kuchlari vertolyotlari yordamida turli modifikatsiyali parashyutlardan foydalangan holda desantlashtirishni amalga oshirdi. Shartli qurolli kuch tuzilmalarini yoʻq qilish boʻyicha oʻtkazilgan barcha tadbirlar belgilangan muddat ichida muvaffaqiyatli yakunlandi.
OʻzA