Sud amaliyoti xolislikni taʼminlashda boʻshliqlar mavjud ekanini koʻrsatgan

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi majlisida maʼruza qilgan Oliy sud raisi Kozimjon Komilov mamlakatimiz sud-huquq tizimida qatʼiyat bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, inson huquq va erkinliklarini amalda kafolatli himoyasini taʼminlashga xizmat qilayotganini qayd etdi. 
Sud tizimiga joriy etilgan yangiliklar, jumladan, sud ishlarini sayyor sud majlislarida koʻrib chiqish amaliyotining kengaytirilgani aholi bilan ochiq muloqot qilish imkonini bermoqda Bu sud hokimiyatining ochiq va shaffofligini taʼminlash bilan birga, sudyalarni xalqqa yaqinlashtirdi. Bu, oʻz navbatida, aholining sudlarga ishonchi ortishiga ham zamin yaratmoqda.
Maʼruzachi qayd etganidek, sud amaliyoti va qonun hujjatlarining tahlili, aholi bilan ochiq muloqot natijalari ishlarni koʻrishda qonuniylik va xolislikni taʼminlashga toʻsqinlik qiluvchi bir qator boʻshliqlar mavjud ekanini koʻrsatgan.
2018 yil 13 iyulda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingani fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan, oqibatda fuqarolarning haqli noroziligiga va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sudga boʻlgan ishonchning pasayishiga olib kelayotgan omillarni bartaraf etishda muhim omil boʻldi.
Mazkur farmon bilan sud organlari faoliyatining shaffofligini yanada oshirish, aholi bilan ochiq muloqotlarni tubdan kengaytirish va odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilikning rolini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Hozirda sudlar tomonidan qabul qilingan sud hujjati oʻqib eshittirilgach, sud protsessi ishtirokchilariga uni tushuntirish, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini sudlar faoliyati toʻgʻrisida xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning oʻrinbosarlari tomonidan brifinglar oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
Oliy sud sudlov hayʼatlari tomonidan sud ishlarini nazorat tartibida koʻrib chiqish amaliyoti, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan esa, sud ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida koʻrib chiqish amaliyoti sharhlari har chorakda eʼlon qilib borilmoqda.
Bundan tashqari, sud organlari faoliyatining shaffofligini yanada taʼminlash maqsadida joriy yilning 1 dekabridan boshlab Oliy sudning rasmiy veb-saytida sud qarorlarini tizimli ravishda eʼlon qilib borish amaliyoti joriy etiladi.

 

Norgul Abduraimova, OʻzA