Oʻzbekistonda “LAVA” brendli mobil telefon ishlab chiqarilishi mumkin

Yaqinda Dehli shahrida boʻlib oʻtgan Hindiston-Oʻzbekiston biznes-forumida “Oʻzeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar vakillaridan iborat delegatsiya hindistonlik investorlar bilan oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishgan edi. 
photo5188593928822172607.jpg
“Oʻzeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, oʻtgan davrda chet ellik investorlar bilan doimiy ravishda amaliy muloqot va muzokaralar olib borilgan. Xususan, bu safar hindistonlik tadbirkorlar “Oʻzeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasida boʻlib, yurtimizning elektrotexnika sanoati sohasidagi yutuqlari bilan yaqindan tanishdi.
Hindistonning mashhur “LAVA” kompaniyasi vakillarining yurtimizga tashrifidan maqsad – Oʻzbekiston bozorini har tomonlama oʻrganish, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari bilan muzokaralar olib borish, xorijlik investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit va imtiyozlar bilan yaqindan tanishish hamda bu orqali yaqin kelajakda yangi investitsiya loyihalarini yurtimizga tatbiq etishdan iboratdir.
“LAVA” brendi ostida mobil telefonlar ishlab chiqaruvchi korxona vakillari yaqin kelajakda Oʻzbekiston bilan elektrotexnika sanoati sohasida amaliy hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini maʼlum qildi. Shuningdek, mazkur kompaniya ishlab chiqargan mahsulotlarning taqdimoti oʻtkazildi.
Aytish joizki, “LAVA” brendi nafaqat Hindiston, balki xorij bozorlarida ham oʻz oʻrniga ega. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan telefon, planshet, noutbuk kabi elektrotexnika mahsulotlari yuqori sifati, oʻziga xos dizayni bilan ajralib turadi. Chunki yangi mahsulotlar tashqi koʻrinishi ustida kompaniyaning 30 mingdan ortiq mutaxassislari izlanishlar olib boradi.
Albatta, mazkur hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 30 sentyabr – 1 oktyabr kunlari Hindistonga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarning ahamiyati beqiyos. Zero, mazkur tashrif Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitib, strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqdi.

 

Sayyora Shoyeva, OʻzA