Tadbirkorlarning 1 milliard 800 million soʻmdan ortiq qarzidan kechildi

Mamlakatimizda keyingi ikki yilda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish tizimi takomillashtirilib, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi va shahar, tuman davlat soliq inspeksiyalarida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Soliq qarzining paydo boʻlish sabablari, toʻlovlarning amalga oshirilishida uchrayotgan muammolar va ularni bartaraf etish yoʻllari” mavzusida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Unda Prezidentimizning 2018 yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish, hujjatda belgilangan soliq imtiyozlaridan unumli va maqsadli foydalanish, ular faoliyatida uchrayotgan muammolar muhokama etilayotir.
– Mazkur hujjat byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik subyektlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini yanada kuchaytirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda muhim huquqiy asos boʻlmoqda, – deydi Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi katta inspektori N.Safarov. – Xususan, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxslar, moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan, jumladan, faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullangan jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini tiklagan yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan taqdirda, qayd etilgan soliq qarzlari, moliyaviy jarimalar hamda peniyalar hisobdan chiqarilishi, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan faoliyat olib borayotgan jismoniy shaxslardan tegishli faoliyat turi boʻyicha oʻrnatilgan stavkadan kelib chiqib hisoblangan bir yillik miqdordagi qatʼiy belgilangan soliqni bir yoʻla undirish tartibi ham bekor qilinib, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdagi yana bir toʻsiq olib tashlandi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, viloyatda olib borilgan targʻibot-tushuntirish ishlari natijasida 266 nafar fuqaro tadbirkorlik faoliyatini qayta tikladi hamda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtishi bilan ulardagi 1,8 milliard soʻm soliq qarzi hisobdan chiqarildi.
Bu esa, oʻz navbatida, ularning tadbirkorlik faoliyatini qayta tiklashi, yangi ish oʻrinlari yaratishi hamda byudjet tushumlariga hissa qoʻshish maqsadida davlatimiz tomonidan birinchi bor berilayotgan imkoniyatdir.
– Bir necha yildan beri davlatdan moliyaviy jarima boʻyicha qarzlarimni toʻlolmay yurgan edim, – deydi A.Suponov. – Davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, soliq qarzdorligining kechilishi faoliyatimni qayta tiklash imkonini berdi. Davlat soliq organlari xodimlari tomonidan 67,8 million soʻmlik soliq qarzlarim hisobdan chiqarildi.
Fuqaro Rashid Boychayevning ham 67 million soʻmdan ortiq qarzdorligi mavjud edi. Ushbu imkoniyatdan foydalanib, qayta roʻyxatdan oʻtdi va barcha qazrdorligidan qutilib, hozirgi kunda tadbirkorlikni boshladi.
Bugun ushbu hujjat ijrosi va uning mazmun-mohiyatini tushuntirish, targʻib qilish choralarini koʻrish muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki, unda koʻrsatilgan barcha imkoniyatlar xalqimiz, ayniqsa, tadbirkorlik subyektlari uchun foydalidir. Ayni kunlarda mazkur masala yuzasidan mutasaddi soha vakillari bilan hamkorlikda tadbirkorlik va moliya-xoʻjalik faoliyatini tiklash, shuningdek, ularni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazishda faol yordam berish uchun joylarda fuqarolar bilan uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

 

Nuriddin Rahimov, OʻzA