Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuida “Made in Uzbekistan” xalqaro eksport koʻrgazmasi davom etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va Toshkent shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan koʻrgazmada Yevropa, Markaziy Osiyo, Rossiya, AQSH, Xitoy, Janubiy Koreya, Ukraina, Afgʻoniston, BAA va boshqa davlatlardan 500 dan ortiq xorijiy korxona, yurtimizning tashqi iqtisodiy hamkor tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda.

Nufuzli koʻrgazma doirasida qoʻshni Qirgʻiziston delegatsiyasi vakillari ishtirokida konferensiya tashkil etildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari, mahalliy va chet ellik ishbilarmonlar qatnashdi.

Qirgʻiziston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining xalqaro mintaqalar boshqarmasi rahbari Zayniddin Jumaliyev konferensiya taassurotlari haqida quyidagilarni gapirdi.

– Bugungi uchrashuv haqiqatda kunning muhim voqealaridan biri boʻldi, – dedi Z.Jumaliyev. – Chunki unda qishloq xoʻjaligi va iqtisodiyot sohalaridagi bir qancha yutuqlar, shu bilan birga yechimini kutayotgan muammolar koʻrib chiqildi. Darhaqiqat, soʻnggi ikki yilda Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Respublikalari oʻrtasidagi aloqalar samarasida nafaqat iqtisodiy, balki madaniy-gumanitar, ijtimoiy sohalardagi hamkorlik ham yuqori darajaga koʻtarildi. Ayni paytda ikkala tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga, koʻplab loyihalarni yoʻlga qoʻyishga qiziqish bildirmoqda. Bu kabi muhim va strategik ahamiyatga ega boʻlgan uchrashuvlar natijasida bir qancha kelishuv hujjatlarini imzolashga erishamiz, deb umid qilaman.

 

Davron Sunnatov, OʻzA