Oʻzbekistonning Indoneziyadagi turizm elchisi unutilmas voqea haqida soʻzlab berdi

Bugun Oʻzbekiston turizmni rivojlantirish qoʻmitasi Indoneziyadagi “Gunadarma” universiteti rektori, Indoneziya-Oʻzbekiston doʻstlik uyushmasini rahbari, professor Eko Shri Margiantini Oʻzbekistonning Indoneziyadagi turizm elchisi diplomi bilan taqdirladi. 
photo5188641993801181755.jpg
Yurtimizni dunyoga keng targʻib qilish maqsadida Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi turizm elchisi lavozimi taʼsis etilgan. Oʻzbekiston brendiga tegishli mamlakatdagi eng hurmatli, ikki davlat va xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirayotgan koʻzga koʻringan, mashhur insonlar loyiq koʻriladi. Bu elchilar Oʻzbekistonni oʻz mamlakatida targʻib qilish bilan shugʻullanadi.

photo5188641993801181753.jpg

Bugun Oʻzbekiston turizmni rivojlantirish qoʻmitasi Indoneziyadagi “Gunadarma” universiteti rektori, Indoneziya-Oʻzbekiston doʻstlik uyushmasini rahbari, professor Eko Shri Margiantini Oʻzbekistonning Indoneziyadagi turizm elchisi diplomi bilan taqdirladi.
–Bunday eʼtirofga sazovor boʻlganimdan xursandman, –deydi professor Eko Shri Margianti. – Ilk bora 2010 yilda shaxmat musobaqasiga talabalarni olib kelgandim. Shundan buyon Oʻzbekistonga 13 marta kelib ketdim. Shu yilning oʻzida esa toʻrt marta keldim. Dekabr oyida yurtimdagi universitetlarning rektorlari bilan kelish niyatim bor. Aslini olganda kelgusida yurtimda yashovchi 265 million aholining barchasini Oʻzbekistonga jalb qilish niyatim bor.
Shu oʻrinda qayd etish joizki, professor Margianti oʻz mamlakatidagi 30 ortiq universitet bilan Oʻzbekistondagi oliy taʼlim dargohlari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatishda oʻzining beqiyos hissasini qoʻshib kelmoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti shular sirasidandir. U tufayli taʼlim sohasida talabalar almashinuviga erishildi.
– Oʻzbekistoni targʻib qilishda ommaviy axborot vositalaridan unumli foydalanilmoqda, – deydi faxriy mehmon. – Indoneziya tele va radio kanallarida koʻplab chiqishlar uyushtirilmoqda. Indoneziyalik sayyohlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun turizm sohasi kadrlarini va gidlarni tekinga malakasini oshirish harakatidaman. Bu borada koʻplab tashkilotlar, ayniqsa reklama kompaniyalari bilan hamkorlik qilayotirman.
Turizm elchisi Oʻzbekiston haqidagi xotiralari haqida soʻzlaganda Chimyon togʻlari bilan bogʻliq voqealar haqida soʻzlab berdi.

photo5188641993801181752.jpg

– Oʻzbekistonda toʻrtta fasl ham bor, –deydi xonim.– Bizning xalqimiz koʻproq qorga qiziqadi. Mamlakatimiz rahbarlari bilan bir kelganimizda Chimyon togʻlariga borgan edik. Sayyohatimiz shu qadar maroqli boʻldiki, vaqt oʻtganini sezmay qoldik. Natijada qaytib ketish uchun samolyotga zoʻrgʻa ulgurdik.
Taqdirlash marosimi yakunida “Gunadarma” universitetida tashkil etilgan xor jamoasi talabalari Oʻzbekiston davlat madhiyasini oʻzbek tilida koʻylagani tasvirlangan video taqdim etildi. Shuningdek, Indoneziya aholisi uchun Oʻzbekiston madaniyati, tarixi, sanʼati va buguni haqidagi maqolalarni eʼlon qilib boruvchi saytning rasmiy ochilishi ham oʻtkazildi.

 

Sayyora Shoyeva, OʻzA