Prezidentimiz iqtisodiy loyihalar bilan tanishdi

Shovot tumanidagi “Katqalʼa teks” qoʻshma korxonasi hududida Xorazm viloyatini rivojlantirishga doir iqtisodiy loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Mamlakatimizga chet ellik sarmoyadorlarga yurtimizdagi qulay investitsiya muhitini keng targʻib qilish boʻyicha tizimli ish olib borilmoqda. Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi tashkil etilib, investorlar huquqi mustahkamlandi, xorijda Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligiga oid taqdimotlar oʻtkazilmoqda. Jizzax viloyatining sarmoyaviy salohiyatiga bagʻishlangan xalqaro forum, yaqinda poytaxtimizda oʻtgan turizm sohasidagi birinchi investitsiya forumi xorijiy hamkorlar topish, ular bilan istiqbolli rejalar tuzishda muhim omil boʻldi.
Bu boradagi davlat siyosati, xorijiy investorlarga yaratilgan kafolatlar, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar salohiyati, imkoniyatlari Oʻzbekiston investitsion portali – www.invest.gov.uzda targʻib qilinmoqda.
Prezidentimizga mazkur portal orqali chet ellik sarmoyadorlarga taqdim etilayotgan maʼlumotlar, undagi ilovalar haqida soʻzlab berildi.
Shavkat Mirziyoyev investitsiya loyihalari, resurslar, ishlab chiqarish obyektlari, narxlar, transport-logistika imkoniyatlari haqida xorijliklarga koʻproq maʼlumot berish, yurtimiz sarmoyaviy salohiyati haqida investorlarda koʻproq qiziqish uygʻotish lozimligini taʼkidladi.
Malayziyaning “Serba Dinamik Group” kompaniyasi vitse-prezidenti Palendran Palachandran davlatimiz rahbariga “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududida kaustik soda ishlab chiqarish zavodi barpo etish investitsiya loyihasini taqdim etdi. Qiymati 250 million dollar boʻlgan loyiha 100 foiz kompaniya investitsiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Korxona ishga tushgach, yiliga 33 ming tonna kaustik soda va 30 ming tonna xlor ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
150 ta ish oʻrni yaratiladigan korxonada yiliga 35 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilib, toʻliq eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari malayziyalik investorga yurtimizda yaratilgan sharoitlar, investitsiya kiritish boʻyicha afzalliklar haqida soʻzlab berdi. Investor hamkorlik qilish uchun tayyorligini, kompaniyasi bundan manfaatdorligini taʼkidladi.
Oʻzbekistonning Malayziya, Saudiya Arabistoni, Turmanistondagi elchixonalari tomonidan viloyatda qator xorijiy investitsiya loyihalari olib kelinmoqda. Xususan, Malayziyadagi elchixona tomonidan qandolat mahsulotlari, tibbiy kosmetologiya xizmatlari koʻrsatish estetik markazi ochish, tayyor toʻqimachilik va qishloq xoʻjalik mahsulotlari eksport qilish, Saudiya Arabistonidagi elchixona tomonidanXiva shahridagi Olloqulixon va Qutlugʻ Murod Inoq madrasalarini qayta taʼmirlab, mehmonxonalar tashkil etish, “Obod qishloq” dasturi doirasida Xorazm viloyatiga Islom taraqqiyot bankining 100 million dollarlik imtiyozli kreditini jalb etish, Turkmanistondagi elchixona tomonidan vohaga sayyohlarlik koʻpaytirish yuzasidan loyihalar ishlab chiqilgan.
Takdimot chogʻida Prezidentimiz mazkur loyihalarning ahamiyatiga etibor karatdi. Hududga jalb etiladigan xorijiy investitsiyalarni kupaytirish yuzasidan mutassaddilarga zarur tavsiyalar berildi.
Viloyatda quyosh panellari ishlab chikarishni tashkil etish, “GM Oʻzbekiston” AJ Xorazm viloyati filialida “Damas” va “Labo”avtomabillari ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, “Oʻzavtosanoat” AJ tomonidan Pitnak shahrida zamonaviy issiqxona barpo etish, 2019-yilda kichik biznes subyektlarini qoʻllab-quvvatlash istiqbollari, viloyatda innovatsion texnopark tashkil etish loyihalari bilan ham tanishib, ularni tez vaqtlarda amalga oshirish, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, eksport hajmini oshirish yuzasidan koʻrsatma va tavsiyalari berdi.

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA