Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish, istiqboldagi vazifalarni belgilash maqsadida 29-noyabr kuni Xorazm viloyatiga keldi.
Davlatimiz rahbari 2017-yil 14-15-oktyabr kunlari Xorazmga tashrifi chogʻida viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, sanoat va qishloq xoʻjaligini tarkibiy oʻzgartirish, ijtimoiy obyektlar barpo etish va infratuzilmani yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirish boʻyicha qator vazifalarni belgilab bergan edi.
Shunga muvofiq, oʻtgan davrda hududda koʻplab yangi korxonalar, kichik biznes subyektlari tashkil etilib, keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Sanoat, transport, qishloq xoʻjaligi, turizm, taʼlim va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalar amalga oshirildi. Sanoat korxonalari, uy-joylar, taʼlim muassasalari, ijtimoiy-madaniy obyektlar qurildi. Yana qator loyihalar boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda.
Prezidentimizning Xorazm viloyatiga safari davomida avvalgi tashrifda belgilangan rejalar qanday amalga oshirilayotgani bilan tanishishi, hudud taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha istiqboldagi dolzarb vazifalar belgilanishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari Urganch xalqaro aeroportidan Shovot tumaniga yoʻl oldi.
A.Shokirov, OʻzA muxbiri