Jahon va Xitoy Fanlar akademiyalari prezidenti Innovatsion rivojlanish vazirligiga tashrif buyurdi

Jahon Fanlar akademiyasi (Triyest, Italiya) va Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Bay Chunli boshchiligidagi Xitoy ilmiy-tekshirish muassasalari rahbarlaridan iborat delegatsiya 23 noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va vazirlikning masʼul xodimlari tomonidan qabul qilingan. Uchrashuv davomida vazirlik faoliyati bilan yaqindan tanishgan mehmonlar hozirda Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik yuqori darajada ekanini taʼkidlab, ilmiy-tadqiqot sohasini ham birgalikda rivojlantirish bugungi kun talabi ekanligini taʼkidlashdi.
Yuzdan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasalarini oʻz ichiga olgan Xitoy Fanlar akademiyasi yuqori texnologiyalar, innovatsiyalarni iqtisodga joriy etish boʻyicha yetakchi tashkilot hisoblanadi. Uning boshqa mamlakatlar Fanlar akademiyalaridan farqli jihati shundaki, u nafaqat ilmiy tadqiqotlar bilan shugʻullanadi, balki uning qoshidagi uchta yirik universitet turli yoʻnalishlar boʻyicha magistrantlar va doktorantlarga taʼlim berish bilan ham shugʻullanadi.
Bugungi kunda bu universitetlarda xorijlik talabalar, yosh ilmiy xodimlar uchun maxsus stipendiyalar joriy qilingan boʻlib, ayni paytda bu taʼlim muassasalarida 20 nafardan ortiq oʻzbekistonliklar ham oʻqiydi. Innovatsion rivojlanish vaziri yurtdoshlarimizning mazkur dasturlar boʻyicha oʻqishlari uchun yanada kengroq sharoitlar yaratish zarurligi haqida takliflarni ishlab chiqish mumkinligini aytib, bugungi kunga kelib taxminan shuncha yosh olim vazirlik qoshidagi Jamgʻarma hisobidan turli mamlakatlar universitetlarida taʼlim olib qaytganlari haqida maʼlumot berdi. Tomonlar taʼlimning bu yoʻnalishini rivojlantirish borasida hamkorlikda ishlar amalga oshirish, birgalikda grantlar eʼlon qilish, xitoy ilmiy-tadqiqot muassasalarining filiallarini ochish mumkinligini qayd etishdi.
Xitoylik olimlar global iqlim isishi va qurgʻoqchilik boʻyicha ilmiy izlanishlar asosida qator amaliy ishlarni amalga oshirayotganlarini inobatga olib, Orolboʻyi hududida yuzaga kelgan jiddiy muammolarni bartaraf etishga hissasini qoʻsha oladigan malakali ilmiy kadrlar tayyorlash masalalarini koʻrib chiqish lozimligi muhokama qilindi. Jumladan, qurgʻoqchilik va shoʻralagan tuproq sharoitida oʻsib unadigan, hosil beradigan oʻsimliklar urugʻlarini yetishtirish masalasi dolzarbligi ham alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston va Xitoy urugʻchilik tajribalari bilan almashinish zarurligi taʼkidlandi.
Professor Bay Chunli noyabr oyining boshlarida Ilmiy-texnikaviy rivojlanishni qoʻllab quvvatlovchi xalqaro ittifoq tuzilganini va unga 9 mamlakat Fanlar akademiyalari, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi ham kirganini aytib, mazkur platformada koʻplab sermahsul ilmiy izlanishlar qilish, yosh olimlarni tayyorlash mumkinligini aytdi. Bundan tashqari “Bir makon – bir yoʻl” iqtisodiy rivojlanish strategiyasi va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida innovatsion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari kengligi bois ikki davlatlarning ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻz oldiga aniq, jamiyat va xalq uchun foydali maqsadlarni qoʻyib, hamkorlikni yanada kuchaytirishlari lozimligi qayd etildi.
Shu kuni delegatsiya aʼzolari poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi oʻzbek-xitoy ilmiy-texnologik parkining tantanali ochilish marosimida ham ishtirok etishdi.

 

O’zA