Avval xabar berganimizdek, Chexiya Respublikasi Parlamenti Deputatlar palatasi raisining oʻrinbosari Filip Voytex boshchiligidagi biznes-delegatsiya mamlakatimizda boʻlib turibdi.
Tashrif doirasida bugun, Toshkentda Oʻzbekiston – Chexiya biznes forumi va kooperatsion birjasi tashkil etildi. Unda Chexiyaning qurilish, energetika, farmatsevtika, injiniring, konsultativ xizmatlar, sanoat sohalarida faoliyat olib boruvchi 20 ga yaqin kompaniyalari vakillari va mamlakatimizning 60 dan ziyod tadbirkorlari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Chexiya Respublikasining Sanoat va savdo vazirligi departamenti direktori Martin Pospishil mamlakatlarimiz savdo munosabatlarida tomonlar eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan muhim masalani tilga oldi.
Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston-Chexiya savdo aylanmasi koʻrsatkichlari unchalik xavotirli emas. Haqiqiy xavotir eksport-import mahsulotlarining xilma-xil emasligida.
“Misol uchun, Oʻzbekiston eksportining 85 foizi paxtaga konsentratsiyalangan. Chexiya eksportining 50 foizdan ziyodroq ulushi sanoat uskunalari va elektronika tovarlariga toʻgʻri keladi. Bu esa Oʻzbekiston-Chexiya savdo aylanmasidagi vaziyat muammoli degani. Chunki sizning paxtangiz va bizning mashinasozligimiz bilan nimadir yuz bergudek boʻlsa, ertaga nimani eksport qilamiz? Shunday ekan, mamlakatlarimiz biznes vakillari import-eksportda yangi tarmoqlarni ham ishga solishni oʻylasa, yaxshi boʻlardi” dedi M.Pospishil.
Forumda taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yillarda Oʻzbekiston va Chexiya oʻrtasidagi savdo aylanmasi koʻrsatkichlari barqaror boʻlmagan. Faqat soʻnggi ikki yil ichida import-eksport barqarorlashib, oʻsishda davom etmoqda. Masalan, 2017 yilda oʻrtadagi savdo aylanma 75 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida bu koʻrsatkich 60 million dollarga yaqinlashgan.