Tojikiston bozorida oʻzbek tadbirkorlarining paviloni ochiladi

Tez orada Boxtardagi “Xoji Sharif” bozorida 20 nafar oʻzbek tadbirkori savdo qilishni boshlaydi. Xatlon viloyat rasmiylari buning uchun bozordan3 gektar joy ajratdi.

“Xoji Sharif” bozori 2011-yilda ochilgan boʻlib, 14 ming tadbirkorga moʻljallangan. Bozorning umumiy maydoni 10 gektardan koʻproq. Qoʻshnilar savdo qiladigan pavilon “Doʻstlik” deb nomlanadi. Viloyat maʼmuriyatidagi manbaning maʼlum qilishicha, oʻtgan haftada bozorga Samarqanddan rasmiy delegatsiya tashrif buyurdi va tomonlar hamkorlik toʻgʻrisidagi hujjatni imzoladilar.

Xatlon viloyat Savdo-sanoat palatasi raisining oʻrinbosari Sharaf Sangovning aytishicha, tez orada bu yerda Samarqand va Oʻzbekistonning boshqa mintaqalarida ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan mahsulotlar sotila boshlanadi.

“Bizning mahsulotlarimiz ham qoʻshni mamlakatga yuborilishi kutilmoqda”, deya soʻzlariga qoʻshimcha qiladi.

Sangovning soʻzlariga qaraganda, oʻzbek mahsulotlari – maishiy texnika, oziq-ovqat mahsulotlari, gilamlar “Doʻstlik” bozoriga sifat tekshiruvidan oʻtganidan soʻng olib kelinadi.

“Xoji Sharif” bozori maʼmuriyati oʻzbek tadbirkorlari bilan hamkorlik toʻgʻrisidagi yangilikni tasdiqladi. Bozor maʼmuriyati vakili Xabibullo Valiyevning aytishicha, 3 gektar maydonda oʻzbek tadbirkorlarining doʻkoni joylashgan. Uning soʻzlariga koʻra, ular bozor qoshidagi mehmonxonalarda istiqomat qilishadi hamda barcha tadbirkorlar singari savdo nuqtalari uchun ijara haqi va soliqlarni toʻlashadi.

Oʻzbek tadbirkorlarining paviloni ochilishi bilan viloyat aholisi mahsulotlarni arzon narxlarda sotib olishga umid qilishmoqda.

 

OʻzA